
Apple kelasi yil kuzda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 seriyasi uchun asosiy xotira yetkazib beruvchi sifatida Samsung’ni tanlashi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Janubiy Koreya manbalariga ko‘ra, Apple hozirda LPDDR xotira bo‘yicha katta buyurtmani aynan Samsung’ga joylashtirmoqda. Sababi Apple’ning hozirgi hamkorlari (SK Hynix va Micron) tobora ko‘proq daromad keltirayotgan boshqa yo‘nalishga e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘nalish sun’iy intellekt va serverlar uchun zarur bo‘lgan HBM xotira hisoblanadi.
Natijada Samsung Apple uchun deyarli yagona muqobil yetkazib beruvchiga aylanmoqda. Kutilishicha, Samsung iPhone 18 uchun xotira buyurtmalarining 60–70 foizini oladi. Shunga qaramay, Apple xavflarni kamaytirish maqsadida buyurtmalarning 40 foizigacha bo‘lgan qismini SK Hynix va Micron’da qoldirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple iPhone chiplarini Hindistonda ishlab chiqarishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, kompaniya Murugappa Group’ga tegishli CG Semi bilan dastlabki muzokaralarni olib borgan. Ma’lum qilinishicha, Apple hozircha Hindistonda asosiy Apple A yoki yangi Apple C va N chiplarini ishlab chiqarishni rejalashtirmayapti. Muzokaralar, asosan, ekran bilan bog‘liq oddiy chiplar haqida ketmoqda.