2030-yilgacha fond bozoriga 400 mln dollarlik korporativ obligatsiyalar chiqariladi

Joriy yilning 18-dekabrida «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, 2030-yilgacha kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, fond bozoriga $1 mlrd miqdorida qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, shu hisobdan qariyb $400 mln (5 trillion so‘m) miqdorida korporativ obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida yangi moliyaviy vositalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Farmon bilan mahalliy kompaniyalarga xorijiy valyutada korporativ obligatsiyalar chiqarish, ta’minotsiz holda o‘z kapitalidan ortiq obligatsiyalar joylashtirish, shuningdek, mahalliy va xorijiy fond bozorlarida bir vaqtning o‘zida aksiyalarni joylashtirish (ikki tomonlama listing) uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bundan tashqari, yetakchi xorijiy fond bozorlarida joylashtirilgan qimmatli qog‘ozlar bilan mahalliy savdolarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, hujjatda emitentlar reytingini joriy etish hamda bozor professional ishtirokchilarining moliyaviy barqarorligi va kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalariga ruxsat bergandi. Xususan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab mamlakat rezidentlari AQShdagi xorijiy kompaniyalar kapitalida ishtirok etish hamda ularning filiallari va sho‘ba tuzilmalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekistondan mablag‘ o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Biroq qaror AQSh fond bozoridagi aksiyalarni erkin sotib olish imkoniyatini bermaydi.