Kun tarixi: Liviya mustaqilligi, «Rojdestvo sulhi» va Napoleon Bonapart

eʼlon qilindi
24-dekabrda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: Rolling Stone

24-dekabr sanasi tarixda tinchlikka intilish, koinotni zabt etish va davlatlar mustaqilligi bilan bog‘liq muhim voqealar bilan yodda qolgan. Urush o‘chog‘idagi vaqtinchalik sulhdan tortib, siyosat arboblari va ekran yulduzlarining tavalludigacha. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini taqdim etadi.

Foto: National Geographic

1800-yili Parijda Napoleon Bonapartga qarshi suiqasd uyushtirildi. Qirollik tarafdorlari tomonidan tayyorlangan va «Do‘zax mashinasi» deb nomlangan bomba portlashi oqibatida ko‘plab begunoh insonlar halok bo‘ldi, ammo Napoleonning o‘zi mo‘jiza tufayli omon qoldi.

Foto: Rincon educativo

1818-yili angliyalik mashhur fizik va termodinamika asoschilaridan biri Jeyms Preskott Joul dunyoga keldi. Uning ilmiy izlanishlari energiyaning saqlanish qonunini kashf etishda muhim rol o‘ynadi va keyinchalik fizika fanidagi energiya o‘lchov birligi uning sharafiga «Joul» deb nomlandi.

Foto: Ethics Alarms

1914-yilda Birinchi jahon urushi tarixidagi eng g‘aroyib voqealardan biri — «Rojdestvo sulhi» kuzatildi. G‘arbiy frontda nemis va britan askarlari o‘zaro kelishuvsiz o‘t ochishni vaqtincha to‘xtatib, neytral zonada bayramni birga nishonladilar va hatto futbol o‘ynab, insoniylik urushdan ustun ekanini namoyish etdilar.

Foto: Anadolu Ajnasi

1951-yili Liviya rasman Italiyadan mustaqil bo‘ldi va BMT qarori bilan suverenitetga erishgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi. Mamlakatning birinchi qiroli Idris I davlatni boshqarishni boshladi va bu sana Liviya tarixida yangi davrning boshlanishi sifatida muhrlandi.

Foto: President.az

1961-yili Ozarbayjon siyosiy arbobi Ilhom Aliyev tavallud topdi. U otasi Heydar Aliyevning siyosiy vorisi sifatida 2003-yildan buyon Ozarbayjon Respublikasi prezidenti lavozimini egallab kelmoqda va mamlakatning iqtisodiy hamda siyosiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.

Foto: Lauren Gunderson

1968-yilda insoniyat kosmosni zabt etishda yana bir ulkan qadam tashladi. «Apollo 8» missiyasi astronavtlari Frank Borman, Jim Lovell va Uilyam Anders Oy orbitasiga kirgan ilk insonlar bo‘lishdi va tarixiy «Earthrise» (Yerning chiqishi) suratini olib, sayyoramizning koinotdan ko‘rinishini abadiylashtirdilar.

Foto: NEWSmuz.com

1981-yili rossiyalik mashhur xonanda Dima Bilan dunyoga keldi. U o‘zining musiqiy faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishdi, xususan, 2008-yilda nufuzli «Evrovidenie» tanlovida g‘olib chiqqan ilk Rossiya vakili bo‘ldi.

Foto: Panjere

1984-yili o‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish bo‘lgan turk kinematografiyasi yulduzi Burak O‘zchivit tavallud topdi. Aktyor «Muhtasham yuz yil» va «Sevgi iztirobi» (Kara Sevda) kabi seriallardagi rollari bilan xalqaro shuhrat qozondi, bugungi kunda esa tarixiy loyihalardagi ishtiroki bilan e’tibor markazida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek