Tramp Mirziyoyevni Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qildi

eʼlon qilindi
Qozog‘iston prezidentini ham
Tramp Mirziyoyevni Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. AQSh yetakchisi O‘zbekistonlik hamkasbini 2026-yil Mayamida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qildi.

Mirziyoyev AQSh prezidentini yangi yil bilan tabriklab, Amerika xalqiga tinchlik tiladi. Tramp esa O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga salom yo‘lladi.

Prezidentlar erishilgan kelishuvlar ijrosi va strategik sheriklikni rivojlantirishni muhokama qildilar. Suhbatda turli sohalardagi qo‘shma loyihalar, Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi hamda hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi qayd etildi.

Foto: Truth

Donald Tramp esa Truth ijtimoiy tarmog‘ida Shavkat Mirziyoyevni 2026-yilda Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga mehmon sifatida taklif qilganini e’lon qildi:

«Bugun ertalab men Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ajoyib telefon suhbatlarini o‘tkazdim. Biz davom etayotgan mojarolarda tinchlikni ta’minlash, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo va hamkorlikni oshirishning ahamiyati haqida fikr almashdik. Har ikki mamlakat bilan munosabatlar ajoyib darajada. Kelasi yili AQSh G20 sammitiga mezbonlik qiladi va biz ushbu muhim tadbirda ishtirok etish uchun ikki davlat rahbarini ham mehmon sifatida taklif qilamiz. Sammit Mayami shahrida o‘tkaziladi!»

Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldi. O‘zbekiston prezidenti Amerika yetakchisini qulay muddatda mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Vashingtonda Tramp bilan uchrashgan edi.

Shuningdek