2025-yilda kriptovalyuta sohasida xakerlar 2,7 mlrd dollar mablag‘ni o‘g‘irladi

2025-yilda xakerlar kriptoaktivlardan $2,7 milliarddan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan. Bu ko‘rsatkich soha tarixidagi eng yuqori daraja sifatida qayd etildi.
Yil davomida kriptobirjalar, web3 va markazlashmagan moliya (DeFi) loyihalariga qarshi o‘nlab hujumlar sodir bo‘lgan. Eng yirik xakerlik Dubayda joylashgan Bybit kriptobirjasida qayd etildi – hujum natijasida taxminan $1,4 mlrdlik kriptovalyuta o‘g‘irlangan. Mutaxassislar va AQSh Federal qidiruv byurosi mazkur hujum ortida Shimoliy Koreya hukumatiga aloqador xakerlar turganini bildirdi.
Mazkur hodisa kriptovalyutalar tarixidagi eng yirik talon-toroj, shuningdek, insoniyat tarixidagi eng yirik moliyaviy jinoyatlardan biri sifatida baholanmoqda. Bungacha eng yirik kriptoo‘g‘irliklar 2022-yilda Ronin Network va Poly Network loyihalariga qilingan hujumlar bo‘lib, ular mos ravishda $624 mln va $611 mln zarar keltirgan edi.
Chainalysis va TRM Labs hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda kriptovalyuta bozorida jami $2,7 mlrd yo‘qotilgan. Bundan tashqari, alohida kriptohamyonlardan yana $700 ming mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan. Web3 xavfsizlik kompaniyasi De.Fi ham o‘z REKT bazasi orqali ushbu raqamlarni tasdiqlagan.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda ham Shimoliy Koreyaga aloqador xakerlar eng faol bo‘lgan. Ular kamida $2 mlrd kriptovalyutani o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Umuman olganda 2017-yildan buyon ushbu guruhlar tomonidan o‘g‘irlangan kriptoaktivlar hajmi $6 mlrdga yaqinlashgan. Bu mablag‘lar mamlakatning sanksiyalar ostidagi yadroviy dasturini moliyalashtirishga yo‘naltirilayotgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, 2025-yilda Cetus markazlashmagan birjasiga qilingan hujumda $223 mln, Balancer protokolida $128 mln va Phemex kriptobirjasida $73 mln dan ortiq mablag‘ yo‘qotilgan.
Kriptovalyuta sohasidagi kiberxavflar pasaymayapti. Taqqoslash uchun, 2024-yilda o‘g‘irlangan kriptovalyutalar hajmi $2,2 mlrdni, 2023-yilda esa $2 mlrdni tashkil etgan.