Qozog‘istonda 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbodga qamaldi

eʼlon qilindi
Shuningdek, u marhumaning oilasiga kompensatsiya ham to‘laydi
Foto: Almaty TV

Qozog‘istonning Turkiston viloyati, To‘rtko‘l qishlog‘ida 16 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan O‘zbekiston fuqarosiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Almaty TV xabar berdi.

Sudda erkak o‘z aybini to‘liq tan olmagan, biroq sud tergov tomonidan taqdim qilingan dalillarni yetarli va ishonchli deb topgan.

Sud ayblanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini berdi. Shu bilan birga, u marhumaning oilasiga 50 million tenge (1 mlrd 165 mln 500 ming so‘m) miqdorida ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashi kerakligi belgilandi. Bundan tashqari, u pedagogik lavozimlarda ishlash va voyaga yetmaganlar bilan faoliyat yuritish huquqidan mahrum etildi.

Ushbu nomusga tegish jinoyati va qotillik joriy yil 6-iyunga o‘tar kechasi sodir etilgan. Qiz do‘kondan uyiga qaytayotganida yo‘qolib qolgan. Uyiga qaytmagan maktab o‘quvchisini qarindoshlari va qishloqliklar politsiya bilan birga tun bo‘yi qidirib, ertalab uning jasadini bolalar bog‘chasi yonidagi yo‘ldan topishgan.

38 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayblanuvchi Qozog‘iston Jinoyat kodeksining «qotillik», «zo‘rlash» va «jinsiy zo‘ravonlik harakatlari» moddalari bilan aybdor deb topilgan. Hukm qilingan shaxs jazoni maksimal darajadagi xavfsizlikka ega bo‘lgan muassasada o‘taydi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan manzil koloniyadan qochib, 3-sinfda o‘qiydigan qizni zo‘rlagan pedofilga nisbatan yopiq sud ishi boshlangani haqida yozgandi.

Shuningdek