Yaponiyaning H3 raketasi orbitaga olib chiqa olmadi

Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) H3 raketasi navigatsiya sun’iy yo‘ldoshini rejalashtirilgan orbitaga joylashtira olmadi. Bu haqda Associated Press (AP) xabar bermoqda.
Raketa bortida Michibiki 5 sun’iy yo‘ldoshi joylashgan bo‘lib, u Yaponiyaning aniq joylashuvni aniqlash tizimi (GPS) tarmog‘ini kengaytirish uchun mo‘ljallangan edi. JAXA rahbari va parvoz direktori Masashi Okadaning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqich dvigatelining muddatidan oldin o‘chishi sababli sun’iy yo‘ldoshning raketadan ajralishini tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan. Hozirda mutaxassislar ma’lumotlarni tahlil qilib, nosozlik sabablarini o‘rganmoqda.
Ushbu hodisa Yaponiyaning avvalgi asosiy raketasi H-2A o‘rnini bosishi kutilayotgan H3 dasturi uchun jiddiy zarba hisoblanadi. Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi rasmiysi Jun Kondo vaziyatni o‘ta achinarli deb baholadi va hukumat ishonchni qaytarish uchun maxsus ishchi guruh tuzganini bildirdi.
Muvaffaqiyatsizlik Yaponiyaning AQSh GPS tizimiga qaramligini kamaytirish va o‘z mustaqil navigatsiya tarmog‘ini yaratish rejalarini kechiktiradi. Rejaga ko‘ra, 2026-yil martigacha yettita, 2030-yillarning oxiriga kelib esa 11 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat tarmoq yaratilishi kerak edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan RAISE-4 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli chiqarilgani haqida xabar bergan edi.