Qozog‘istonda drift qilgan haydovchi Yangi yil archasini qulatdi — video

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida avtomobil va archa ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ulysmedia.kz xabar berdi.
Hodisa 23-dekabr kuni kechqurun Sariag‘ash tumanida sodir bo‘lgan. Avtomobil markaziy maydonga kirib, Yangi yil archasiga zarar yetkazgan, shundan so‘ng haydovchi voqea joyidan ketib qolgan.
Drift qilgan shaxs videokuzatuv kameralari orqali aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, yigit VAZ-2105 rusumli avtomobil boshqarayotgan edi. U archadan qochishga uringan, ammo boshqaruvni yo‘qotgan.
Politsiyaga ko‘ra, haydovchi shikastlangan archani o‘z hisobidan ta’mirlagan va bu voqeani takrorlamaslikka va’da bergan. Unga qarshi ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va mashina jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Avvalroq «Kursiv» Yangi yil arafasida va undan keyin Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi maydon hamda bog‘larda archalar o‘rnatilishi haqida yozgandi.