O‘zbekistonliklar bir yilda kiberjinoyatlar tufayli qanchaga chuv tushdi

eʼlon qilindi
Respublika aholisi oxirgi 5 yilda 3,7 trln so‘m zarar ko‘rgan
Foto: Bitdefender Community

Joriy yil boshidan shu paytgacha o‘zbekistonliklarning kiberjinoyatlardan ko‘rgan zarari oldingi 4 yilda ko‘rilgan zararning umumiy miqdoridan ham oshib ketdi. Bu haqda 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Ichki ishlar vazirligi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda mamlakat aholisi ushbu turdagi jinoyatlar oqibatida umumiy hisobda 1, 9 trln so‘m zarar ko‘rgan. 2021−2025-yillarda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni 11 baravarga (4865 tadan 62 440 tagacha) ko‘paygan. Buning oqibatida fuqarolarga 3,7 trln so‘m zarar yetkazilgan. Uning taxminan 50,6 foiz qismi joriy yilning 11 oyi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapovning aytishicha, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida raqamli laboratoriya tashkil etildi. Ushbu laboratoriya orqali fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan yechib olishga qaratilgan, ayniqsa xavfli va ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazgan 483 ta «fishing» turidagi zararli dastur aniqlanib, ularning faoliyatiga barham berilgan.

Shuningdek, u kriptoaktivlar aylanmasi sohasida qonunchilik talablarini buzish bilan bog‘liq 2424 ta jinoyat holati fosh etilganini ma’lum qildi. Jinoiy faoliyat ortidan qo‘lga kiritilgan 76 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘larning kriptoaktivlar ko‘rinishida respublika hududidan noqonuniy olib chiqilishining ham oldi olingan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2025-yilda qaysi jinoyatlar soni ortgani haqida ma’lumot bergandi. Respublikada birgina qotillik ko‘rsatkichi 32,7 foizga qisqargan.

Shuningdek