26-dekabrdan Samarqand, Buxoro va Xorazmga qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Qishki ta’til munosabati bilan 2025-yil 26-dekabrdan 2026-yil 12-yanvargacha bo‘lgan davrda bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, mavjud poyezdlardagi vagonlar soni ko‘paytiriladi. Xususan, Toshkent – Samarqand – Toshkent yo‘nalishida 2025-yilning 26–31-dekabr kunlari va 2026-yil 4-yanvar kuni Afrosiyob yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdining qo‘shimcha qatnovlari amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalishda jami 14 ta qo‘shimcha reys rejalashtirilgan.
Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishida esa 2025-yilning 26–31-dekabr kunlari Afrosiyob elektropoyezdining qo‘shimcha 4 ta reysi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida 2026-yil 12-yanvariga qadar qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdi qatnovi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishda jami 12 ta qo‘shimcha reys amalga oshiriladi.
Yo‘lovchilar oqimini yanada qulay ta’minlash maqsadida ayrim yo‘nalishlarda vagonlar soni ham oshiriladi. Jumladan, Toshkent – Xiva – Toshkent, Toshkent – Shovot – Toshkent, Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent, Toshkent – Termiz – Toshkent hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent (Sharq poyezdi) yo‘nalishlarida harakatlanuvchi poyezdlarga 2026-yil 12-yanvariga qadar har kuni 4 tadan qo‘shimcha vagonlar qo‘shiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent — Qozon temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.