«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmining ilk tizeri e’lon qilindi — foto

23-dekabr kuni Marvel Studios «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» («Avengers: Doomsday») filmining birinchi tizerini taqdim etdi. Rolikda muxlislar Robert Daunini kutilmaganda Doktor Dum rolida ko‘rish mumkin.
Qisqa videorolikda kinokoinotning yangi yovuz qahramoni Viktor fon Dum namoyish etilgan. Robert Daunining franshizaga qaytishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, chunki u avvalroq Temir odam (Iron Man) obrazini gavdalantirgan edi. Aktyorning yangi ampluasi Marvel olamida katta o‘zgarishlar bo‘lishidan darak beradi.
Film syujeti haqida to‘liq ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, tizerda Qasoskorlar jamoasi yangi global xavfga duch kelishi ishora qilingan. «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmi avval rejalashtirilgan «Avengers: The Kang Dynasty» loyihasining o‘rnini egalladi.
Kartina premyerasi 2026-yilning 18-dekabriga rejalashtirilgan. Aka-uka Entoni va Jo Russolar rejissyorlik kursisiga qaytishgan. Ular avvalroq «Avengers: Infinity War» va «Avengers: Endgame» filmlari orqali katta muvaffaqiyatga erishgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Supermen IMDb reytingida yilning eng mashhur filmi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.