
Milano Cortina 2026 qishki Olimpiya o‘yinlari mash’alasi estafetasi Italiyaning Neapol shahriga yetib keldi. Piazza del Plebiscito maydonida bo‘lib o‘tgan tantanada futbol afsonasi Fabio Kannavaro mash’alani olib chiqdi.
Tadbirning asosiy qahramoni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z professional faoliyatini aynan «Napoli» klubida boshlagan. U 2006-yilgi Jahon chempioni va «Oltin to‘p» sohibi sanaladi. Murabbiy o‘z ona shahrida Olimpiya olovini baland ko‘tardi.
Estafetaning o‘n sakkizinchi bosqichi Kampaniya mintaqasi bo‘ylab o‘tdi. Mash’ala avvalroq Pompey xarobalari, Torre-Annunziata, Torre-del-Greko va Erkolano kabi hududlardan olib o‘tilgan. Yomg‘irli ob-havoga qaramay, Neapolda o‘tkazilgan yakuniy marosimda shahar aholisi keng ishtirok etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kannavaro boshchiligidagi ilk o‘yinda O‘zbekiston g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.