Namanganda 40 ming dollar pora talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi

Namangan viloyatida «Ko‘mir ta’minot» MChJning viloyat filialida boshliq o‘rinbosari sifatida ishlaydigan mansabdor shaxs pora ustida ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, u fuqaroni tuman ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash va omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini oshirish evaziga $40 ming talab etgan. 6-dekabr kuni u talab qilingan pulning $25 ming qismini filial xodimi orqali olgan va fuqaroni lavozimga tayinlashni ta’minlagan.
Keyinchalik qolgan $15 ming va 30 ta ko‘mir vagonining ortilishi evaziga qo‘shimcha $7,5 ming olish harakatlari Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan to‘xtatilgan.
Mazkur shaxsga nisbatan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda IIB xodimi 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan edi.