Xitoyda 2025-yilning eng katta qorbolasi yasaldi — video

Xitoyning shimoli-sharqida joylashgan Xarbin shahrida 2025-yilgi mavsumning eng katta qorbolasi yasaldi. Uning balandligi taxminan 19 metr, uzunligi 14 metr va eni 11 metrni tashkil etadi. Qorbolani yasash uchun qariyb 3,5 ming kub metr qor sarflangan. U allaqachon shaharning asosiy sayyohlik maskanlaridan biriga aylangan.
Uni qurish uchun 64 nafar haykaltarosh va 100 dan ortiq ishchilar 11 kun davomida mehnat qilgan. Qor yetarli bo‘lishi uchun maxsus qor tayyorlash uskunalaridan ham foydalanilgan. Qurilish jarayoni butun dunyo tomoshabinlari uchun jonli efirda namoyish etilgan.
Qorbola olti qavatli bino balandligida bo‘lib, atrofdagi binolardan ancha baland ko‘rinadi. Xarbin shahrida bunday yirik qor haykallari an’anaga aylangan. Shaharda ilk bor qorbola 2019-yilda namoyish etilgan. O‘tgan qishda bayram mavsumida shaharga qariyb 100 mln sayyoh tashrif buyurgan va bu $19 mlrddan ortiq daromad keltirgan.
Shu bilan birga, bu qorbola tarixdagi eng kattasi emas. Rekord hali ham 2008-yilda AQShning Meyn shtatida qurilgan, balandligi 37,2 metr bo‘lgan «Olimpiya» nomli qor haykaliga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalar Yangi yilga qanday sovg‘alarni xohlashi haqida maqola e’lon qilingandi.