
Forbes jurnali 2025-yil uchun dunyoning eng qimmat 50 ta sport jamoasi reytingini e’lon qildi. Futbol olamining grandlari «Real Madrid», «Manchester Yunayted», «Barselona» va «Liverpul» kuchli elliktalikdan o‘rin olishga muvaffaq bo‘ldi.
Umumiy qiymati $353 mlrdga baholangan ushbu ro‘yxatda Amerika futboli (NFL) va basketbol (NBA) klublari yetakchilik qilmoqda. Joriy yilgi reytingda futbol klublarining ulushi qisqargan bo‘lib, bor-yo‘g‘i to‘rtta jamoa TOP – 50 likka kirdi. Ispaniyaning «Real Madrid» klubi $6,75 mlrd bilan 20-o‘rinni egalladi va futbol jamoalari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.

Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi $6,6 mlrd qiymat bilan 24-pog‘onadan joy oldi. «Barselona» esa $5,65 mlrd baho bilan 42-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, «Liverpul» $5,4 mlrd bilan ro‘yxatning 48-o‘rnini band etdi. Tahlilchilar futbol klublari qiymatining sekin o‘sishini media huquqlari narxining turg‘unligi va xarajatlarning oshishi bilan izohlamoqda.
Reytingning eng yuqori pog‘onalarini esa AQSh sport franshizalari to‘liq egallab oldi. Birinchi o‘rinda 2016-yildan beri o‘zgarishsiz qolayotgan «Dallas Cowboys» (NFL) joylashgan bo‘lib, uning qiymati $13 mlrdga yetdi.

Kuchli beshlik quyidagi ko‘rinishni olgan:
- «Dallas Cowboys» (NFL) — $13 mlrd;
- «Golden State Warriors» (NBA) — $11 mlrd;
- «Los Angeles Rams» (NFL) — $10,5 mlrd;
- «New York Giants» (NFL) — $10,1 mlrd;
- «Los Angeles Lakers» (NBA) — $10 mlrd.

Umumiy hisobda, ro‘yxatdagi 50 ta jamoadan 30 tasi AQShning Milliy futbol ligasi (NFL) vakillari hisoblanadi. NBA dan 12 ta jamoa o‘rin olgan bo‘lsa, «Formula-1»dan «Ferrari» va «Mercedes» jamoalari ham reytingga qaytgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng qimmat futbolchilar reytingida Mbappe Yamalga yetib olgani haqida xabar bergan edi.