Tayvanda 6,1 magnitudali zilzila qayd etildi — video

Tayvanning Taitung okrugida 24-dekabr kuni 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda orolning ob-havo ma’muriyati xabar berdi.
Zilzila poytaxt Taybeyda ham sezilgan. Rasmiylarga ko‘ra, yer osti silkinishlarining chuqurligi 11,9 km bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar agentligi hozircha zarar yoki talafotlar yuzasidan ma’lumot yo‘qligini bildirgan.
Taiwan Semiconductor Manufacturing Company (TSMC) zavodlarida evakuatsiya darajasiga etgan silkinish qayd etilmagan. Orol ikki tektonik plita tutashgan hududda joylashgan bo‘lib, zilzilalar tez-tez kuzatiladi.
2016-yilda janubiy hududda ro‘y bergan zilzila oqibatida yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan. 1999-yilda magnitudasi 7,3 bo‘lgan kuchli zilzilada ikki mingdan ziyod odamning hayoti uzilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Afg‘onistondagi zilzila O‘zbekistonda ham sezilgani haqida yozgan edi.