Rossiyadan O‘zbekistonga narkotik olib kelayotganlar qo‘lga olindi

eʼlon qilindi
Giyohvandlik vositalarining umumiy hajmi 2 kg 300 gramm bo‘lgan
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Toshkent viloyatida Rossiyadan olib kelinayotgan narkotik modda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Navoiy» chegara bojxona postiga Qozog‘istondan kirib kelgan, Buxoro shahrida yashovchi, 25 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Lada Largus avtotransport vositasi tegishli tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Natijada avtomashina yukxonasida bo‘lgan Gazel rusumli transport vositasi uchun mo‘ljallangan uzatmalar qutisi ichida xufiyona tarzda yashirilgan, 5 dona o‘ramdagi, umumiy og‘irligi 2 kg 300 grammni tashkil qiluvchi «Mefedron» sintetik narkotik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston – Rossiya yo‘nalishida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi mazkur fuqaro ushbu ehtiyot qismni Toshkent viloyatida kutib turgan, qashqadaryolik shaxsga yetkazishi kerak bo‘lgan. Shu sabab tezkor tadbir davom ettirildi hamda buyurtmani qabul qilib olgan vaqtida u ham qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro salkam 51 kg «gashish» giyohvandlik moddasi bilan qo‘lga tushgandi.

Shuningdek