Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha samarali tizim yaratiladi

Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha samarali tizim yaratiladi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jamiyat qadriyatlariga mutlaqo zid ekanini ta’kidladi.
«Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q», — dedi prezident.
Shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashga barcha davlat idoralari va jamoatchilikni jalb etgan holda samarali ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda dunyo bo‘yicha 83 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan, shundan 50 ming nafari, ya’ni 60 foiziga turmush o‘rtoqlari yoki oila a’zolari sababchi bo‘lgan. Taqqoslash uchun, erkaklarning 11 foizi oila a’zolari yoki jinsiy sheriklari tomonidan o‘ldirilgan, bu ko‘rsatkich ayollarda 60 foizni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda yetti yoshli qizni zo‘rlagan erkak 18 yilga, Toshkent viloyatida esa 3-sinf qizni zo‘rlagan pedofil 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.