O‘zbekiston 11 oyda ko‘proq qaysi davlatdan narsa sotib oldi

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdosida import hajmi $41,9 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga o‘sgan. 2024- yilning yanvar-noyabr oylarida import hajmi $35,1 mln edi.
Bu vaqt davomida respublika 180 ta davlatdan tovar va xizmatlar importini amalga oshirgan.
Xitoy
Import miqdorining katta qismi Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi ($12,8 mlrd). Xitoydan narsa sotib olish joriy yilning 11 oyida 2024-yilning mos davriga qaraganda ancha oshgan. Negaki o‘tgan yili xitoyliklarning hissasi hozirgidan kam edi ( $9,3 mlrd). Bu yil ushbu davlatdan narsa xarid qilish hajmi taxminan 37,6 foizga oshgan. Xitoydan import qilinadigan mahsulotlar qatorida asosan banan, guruch, limon, konditsioner, changyutgich, muzlatkich, telefon, qog‘oz va karton, shuningdek, elektromobillar va boshqa narsalar mavjud.
Rossiya
Keyingi o‘rinda Rossiya qayd etilgan. O‘zbekiston yanvar-noyabr oylarida ushbu davlatdan $7,8 mlrdlik tovarlar sotib olgan. Bundan ko‘rinadiki, bu ulush o‘tgan yilning dastlabki 11 oyi bilan taqqoslaganda $0,6 mlrd, ya’ni taxminan 8,3 foizga yuqorilagan. O‘zbekiston bozoriga u yerdan un, kungaboqar yog‘i, parranda go‘shti, sement, qog‘oz va karton, shokolad va shokolad mahsulotlari, muzlatkich va boshqa narsalar kirib keladi.
Qozog‘iston
Import hajmlari borasida Qozog‘iston uchinchi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bu borada muhim o‘rin egallaydi. O‘tgan yil yanvardan noyabrgacha O‘zbekistonga $2,5 mlrddan ziyod narsa sotgan rasmiy Ostona bu gal bu hajmni oshirdi ($3 mlrd). Qo‘shni Qozog‘istondan esa xurmo, un, limon, guruch, konditsioner, shokolad, changyutgich, muzlatkich, sement va boshqa muhim narsalar keltiriladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan uchta davlatning barchasi import borasida 2024-yilgi o‘rnini saqlab qolgan. Ya’ni O‘zbekiston boshqalarga qaraganda bu davlatlardan ko‘proq tovar va xizmatlarni sotib olishni davom ettirmoqda.
Boshqa davlatlar ko‘rsatkichi
Shuningdek, 2025-yilning 11 oyida Turkiya $1,7 mlrd (6,25 foiz o‘sish), Janubiy Koreya $1,5 mlrd (11,8 foizga kamaygan), Germaniya (1,22 foizga o‘sgan) va Hindiston (29,8 foizga oshgan) $1 mlrd, qo‘shni Turkmaniston $926,2 mln (4 foizga kamaygan), Belarus $698,8 mln (40,9 foizga oshgan) va AQSh (32,8 foizga oshgan) $656,1 mlnlik mahsulotni O‘zbekistonga eksport qilgan.
Avvalroq «Kursiv» 2025-yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmi $30,9 mlrdni tashkil etgani haqida yozgandi.