Toshkentda katta qarzga botgan yigit bankomatni o‘marmoqchi bo‘ldi

Toshkentda soxta treyderga ishonib, katta qarzga botgan yigit bankomatni buzib, pul o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi. Hodisa Chilonzor tumanida sodir bo‘lganini poytaxt IIBB axborot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, voqea tungi soat 2:30 lar atrofida yuz bergan. Noma’lum shaxs bankomat oldiga kelib, bir muddat atrofni kuzatgan va hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, uni buzishga uringan. Yigit yerdan tosh olib, bankomatning temir qutisini urib ochishga harakat qilgan. Natijada tashqi quti shikastlangan, biroq ichidagi seyfni ochishning uddasidan chiqa olmagan. Shundan so‘ng u voqea joyidan yashiringan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchi qisqa fursatda qo‘lga olingan. U so‘roq davomida soxta treyderning «pulni ko‘paytirib beraman» degan va’dalariga ishonib, turli odamlardan 10 million so‘m qarz olgani, pullarni yutqazib qo‘ygach esa qarzlarni yopish ilinjida shu ishga qo‘l urganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bankomat ichida katta seyf borligini ko‘rib, uni ochishga uringan, biroq bunga kuchi yetmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda bankomat seyfi ichida 552 million 400 ming so‘m mablag‘ bo‘lgan. Bankomatga yetkazilgan moddiy zarar esa 30 million so‘mni tashkil qilgan. Gumonlanuvchi qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, kechirim so‘ragan.
Holat yuzasidan juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yigitga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda birinchi oltin sotuvchi bankomat ishga tushgani haqida yozgandi.