Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi

Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida taniqli xonanda Rahmatillo Yusupov 27-dekabr kuni 44 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning yaqinlari va ijodkor doʻstlari ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qildi.
Shoir Shahriyor Shavkatning yozishicha, xonanda soʻnggi yillarda ogʻir xastalik bilan kurashib kelgan va uzoq vaqt davomida toʻshakka mixlangan holda yashagan. Rahmatillo Yusupov bir necha yil avval koronavirusdan keyingi asoratlar sabab shifokorlar nazoratida boʻlgan. Dastlab unga notoʻgʻri tashxis qoʻyilib, jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgani, biroq bu muolaja uning sogʻligʻiga jiddiy salbiy ta’sir koʻrsatgani aytiladi.
Keyinchalik boshqa mutaxassislar koʻrigida operatsiya vaqtida asab tolalariga zarar yetkazilgani aniqlangan. Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo xonandani Toshkentga yetakchi mutaxassislar huzuriga olib kelgan, biroq tekshiruvlar kasallikni tuzatish imkoniyati qolmaganini koʻrsatgan.
Rahmatillo Yusupov 1981-yil 15-sentabrda Oltiariq tumanida tugʻilgan. U bolaligidan marhum san’atkor Oxunjon Madaliyevga shogird tushgan. Ijodiy yoʻli, ovozi va sahnadagi uslubi sabab uni koʻpincha «ikkinchi Oxunjon Madaliyev» deb atashgan.
Xonanda 100 dan ortiq qoʻshiqlar muallifi bo‘lib, «Ketgim kelmayapti, onajon», «Kelinchak» kabi asarlari orqali xalq orasida mashhurlikka erishgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston futboli faxriysi Toʻlagan Isoqov vafot etgani haqida xabar bergan edi.