Ortda qolayotgan haftada qanday voqealar yuz berdi

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi
Foto: Pixabay

O‘zbekiston va jahonda ortda qolayotgan haftada bir qancha voqealar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.

2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» etib belgilandi

O‘zbekistonda 2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» etib nomlandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ma’lum qilindi.

2026-yilga budjet tasdiqlandi

Prezident 2026-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat 2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjetni shakllantirish va ijro etish tartibini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar faqat 2026-moliya yili davomida ishlatiladi va keyingi yilga o‘tkazilmaydi.

2026-yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:

  • mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari;
  • tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari;
  • chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning stavkalari.

Mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizlik avtokreditlar ajratiladi

O‘zbekistonda ekologik avtomobillarni ko‘paytirishga qaratilgan besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dastur doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun yillik 12 foizlik, xorijdan olib kelingan elektromobillar uchun esa 16 foizlik avtokreditlar ajratiladi.

O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha 175 tonnaga yetkaziladi

O‘zbekiston sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha yirik dastur 2026-yilda start oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun, 26-dekabr kuni o‘tkazilayotgan murojaatnomada ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, dastur maqsadi – kelgusi besh yil ichida sanoatda qo‘shilgan qiymatni $36,5 milliarddan $60 milliardga yetkazish, shuningdek, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 baravar oshirishdan iborat.

2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi

2026-yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida ma’lum qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yilda asosiy maqsad aholini doimiy daromadli qilish. Bu jarayonda tadbirkorlar muhim rol o‘ynaydi. Ular sanoat va servis obyektlarini tashkil etib, yangi ish o‘rinlari yaratmoqda, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatmoqda.

O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, bundan to‘qqiz yil avval iqtisodiyot hajmini $100 mlrdga yetkazish katta maqsad bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda mamlakat tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi $145 mlrddan oshdi.

Toshkentda rezidentlar uchun pulli avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etiladi

Toshkent shahrida pulli to‘xtab turish joylarida yashovchi fuqarolar uchun rezident avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etilmoqda. Poytaxt hokimi qaroriga ko‘ra, har bir turarjoy manzili bo‘yicha ko‘pi bilan ikki dona rezident ruxsatnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Yangi tartibga asosan, rezidentlar uchun avtomobilni kechasi soat 20:00 dan ertalab 08:00 gacha pulli to‘xtash joylarida bepul qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Kunduzgi vaqtda esa belgilangan tariflar asosida to‘lov undiriladi. Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.

Noyabr oyida banklardagi NPL miqdori 8 foizga pasaydi

1-dekabr holatiga ko‘ra, banklardagi muammoli kreditlar (NPL) umumiy miqdori 20,5 trln so‘mga pasaygan. Bu ko‘rsatkich 1-noyabr bilan solishtirilganda 8 foizga foizga, ya’ni 1,8 trln so‘mga pasaygan. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 22,3 trln so‘mni tashkil etgandi.

Jami kreditlardagi NPL ulushi 3,5 foizga pasaydi. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 3,8 foizni tashkil qilgan. 1-dekabr holatiga ko‘ra, banklarning kredit portfeli 595,3 trln so‘mni tashkil etgan. Noyabr oyiga nisbatan 2,5 trln so‘mga oshgan.

O‘zbekiston va Rossiya JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

21-dekabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Rossiya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanib, tegishli protokol imzolandi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

Hujjat prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga amaliy tashrifi chog‘ida tasdiqlandi. Protokolni Rossiya tomonidan Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov imzolagan. Azizbek Urunov muzokaralar davomiy va mazmunli o‘tganini ta’kidlab, Rossiya tomoniga jarayondagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Putin Mirziyoyev, Japarov va Rahmonni mukofotladi

Rossiyaga amaliy tashrif doirasida Sankt-Peterburg davlat konservatoriyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov va Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi belgilandi

Adliya vazirligi banklar tomonidan sindikatlashgan kreditlarni ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Nizomga ko‘ra, sindikatlashgan kredit bir nechta banklar birlashib, qarz oluvchini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratadigan kredit hisoblanadi. Banklar bilan bir qatorda xorijiy banklar, xalqaro moliya tashkilotlari hamda o‘z davlat qonunchiligiga muvofiq kredit ajratish huquqiga ega bo‘lgan chet el yuridik shaxslari ham bank sindikati ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.

Oltin narxi tarixda ilk bor 4,4 ming dollardan oshdi

Jahon bozorlarida oltin narxi AQShda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilmalari fonida tarixiy rekordni yangiladi. 22-dekabr kuni oltinning bir unsiyasi ilk bor $4,4 ming chegarasidan oshib, $4,420 darajasigacha ko‘tarildi.

Unga ko‘ra, spot oltin narxi 1,7 foizga oshib, $4,411 dollar atrofida savdo qilindi. Shu bilan birga, kumush ham keskin qimmatlashib, bir unsiyasi $69,44 ga yetdi va mutlaq rekordni qayd etdi. AQShda fevral oyida yetkazib beriladigan oltin fyucherslari $4,444 gacha ko‘tarildi.

O‘zbekiston terma jamoasi 2025-yilni FIFA reytingida 50-o‘rinda yakunlaydi

FIFA milliy terma jamoalarning 2025-yil yakunlari bo‘yicha yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi dunyo reytingida 50-o‘rinni band etdi.

Terma jamoa yil davomida «Jahon chempionati – 2026» saralash bosqichi doirasidagi uchrashuvlarda barqaror o‘yin namoyish qildi. Ushbu natija «Oq bo‘rilar»ning so‘nggi yillardagi eng yaxshi ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib, ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritildi.

O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,9 mln so‘mga yaqinlashdi

23-dekabr kuni oltin quymalar narxi avvalgi rekordni yana bir bor yangiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,868 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,736 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,472 mln so‘mga ko‘tarildi.

2030-yilgacha fond bozoriga 400 mln dollarlik korporativ obligatsiyalar chiqariladi

Joriy yilning 18-dekabrida «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2030-yilgacha kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, fond bozoriga $1 mlrd miqdorida qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, shu hisobdan qariyb $400 mln (5 trillion so‘m) miqdorida korporativ obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida yangi moliyaviy vositalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Shuningdek