Skandinaviya davlatlarida kuchli bo‘ron oqibatida uch kishi halok bo‘ldi

Shvetsiya, Norvegiya va Finlyandiya bo‘ylab esgan kuchli qishki bo‘ron oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, infratuzilma va transport tizimiga jiddiy zarar yetdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Halok bo‘lganlarning barchasi Shvetsiyada qayd etilgan. Kungsberget chang‘i kurortida 50 yoshli erkak daraxt qulashi oqibatida vafot etgan bo‘lsa, Hofors o‘rmonida ishlayotgan yana bir 60 yoshli fuqaro ham xuddi shunday baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi. Shuningdek, Hemab kommunal kompaniyasi o‘z xodimi xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lganini tasdiqladi.
Tabiiy ofat mintaqadagi elektr ta’minotida yirik uzilishlarga sabab bo‘ldi. Finlyandiyada 60 mingdan ortiq, Shvetsiyada 40 mingga yaqin va Norvegiyaning shimoliy hududlarida 30 mingdan ziyod xonadonlar elektrsiz qolgan. Temir yo‘l, parom va aviaqatnovlar jadvalida ham jiddiy o‘zgarishlar va bekor qilishlar kuzatilmoqda.
Finlyandiyaning Kittila aeroportida kuchli shamol Jenevadan uchib kelgan «Swiss Air» yo‘lovchi samolyotini va yana bir kichik uchoqni uchish-qo‘nish yo‘lagidan qor uyumiga surib chiqardi. Samolyot bortida 150 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kuchli bo‘ron sababli Ozodlik haykali qulab tushgani haqida xabar bergan edi.