Toshkent aeroportining uchib kelish terminalida rasmiy taksilar faoliyati yo‘lga qo‘yildi

Islom Karimov nomidagi Toshkent aeroportining uchib kelish terminalida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun bir nechta rasmiy taksi xizmatlari va agregatorlar ish boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airoports xabar bermoqda.
Endi yo‘lovchilar terminal oldidagi birinchi yo‘lak orqali taksiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishlari mumkin. Taxi Millennium, Let’s Trip, Uzviptransservice, Sixt va Taxi Airport Tashkent rasmiy tashuvchilari, shuningdek, Yandex Go xizmatlari birinchi yo‘lak orqali yo‘lovchilarni olib ketadi. Rasmiy taksilarni uchib kelish zalida faoliyat yuritayotgan yagona dispetcherlik xizmati orqali buyurtma qilish mumkin. Yandex Go uchun buyurtmalar mobil ilova orqali qabul qilinadi.
Aeroport ma’muriyati rasmiy tashuvchilar agregatorlar bilan raqobatlasha oladigan budjet tariflar joriy qilganini ma’lum qildi. Xususan, shahar ichidagi yo‘nalishlar uchun narxlar 50 ming so‘mdan boshlanadi. Yo‘lovchilarga individual, guruh va oilaviy transferlarni o‘z ichiga olgan turli tariflar taklif etiladi.
Birinchi yo‘lakda yo‘lovchini qabul qilayotgan haydovchilar maxsus hududda bepul to‘xtash va yo‘lovchini 20 daqiqagacha kutish huquqiga ega. Yo‘lovchilar qulayligi uchun terminal hududida taksi olish zonasiga yo‘naltiruvchi belgilar o‘rnatilgan.
Shuningdek, uchib kelish hududida boshqa transport vositalari uchun qo‘shimcha kirish yo‘lagi mavjud. Bu yo‘lakda taksi, shaxsiy va xizmat avtomobillari, shuningdek boshqa agregatorlar mashinalari harakatlanishi mumkin. Ikkinchi yo‘lakda 10 daqiqa kutib turishga ruxsat beriladi va ushbu hudud Ichki ishlar vazirligi videokuzatuv tizimi orqali avtomatik nazorat qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi 14 foizga oshgani haqida yozgan edi.