Bangladeshning birinchi ayol bosh vaziri 80 yoshda vafot etdi

eʼlon qilindi
Siyosatchi artrit, jigar va yurak muammolaridan aziyat chekayotgan edi
Foto: BBC

Bangladeshning 1991-yilda saylangan ilk ayol bosh vaziri Xaleda Zia uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 80 yoshda vafot etdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Ziyo 2025-yil boshida davolanish uchun Londonda bo‘lib, to‘rt oydan so‘ng vataniga qaytgan edi. Uning o‘limi mamlakatda fevral oyiga rejalashtirilgan parlament saylovlari arafasida yuz berdi. Tahlilchilar Xaleda Ziyoning o‘ng markazchi Bangladesh Millatchilar partiyasi (BNP) ushbu saylovlarda g‘alaba qozonishini taxmin qilmoqda.

Siyosatchining o‘g‘li va partiya raisi vazifasini bajaruvchi Tariq Rahmon o‘tgan hafta qariyb 17 yillik surgundan so‘ng mamlakatga qaytgan va bosh vazirlik uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Xaleda Zia va uning azaliy raqibi, sobiq bosh vazir Shayx Hasina o‘rtasidagi ziddiyat o‘n yillar davomida Bangladesh siyosatini belgilab berdi.

Ziyo 1991-yilda Islomiy partiya ko‘magida Hasina ustidan g‘alaba qozonib, Benazir Bhuttodan keyin musulmon davlatini boshqargan ikkinchi ayol rahbarga aylangan edi. Uning boshqaruvi davrida parlament tizimi qayta tiklangan va xorijiy investitsiyalar uchun cheklovlar olib tashlangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bangladeshda talabalar yetakchisi vafotidan so‘ng ommaviy tartibsizliklar avj olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek