1-yanvardan ayrim soliq hisobotlari avtomatik shakllantiriladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab ayrim soliqlar bo‘yicha hisobotlarni soliq organlari soliq to‘lovchilar nomidan avtomatik tarzda shakllantiradi.
Yangi tartib mulk solig‘i, yer solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni qamrab oladi.
Soliq to‘lovchilarga soliq organlari tomonidan tayyorlangan hisobotni ko‘rib chiqish uchun 5 ish kuni beriladi. Ushbu muddat ichida zarur bo‘lsa, hisobotga tuzatish kiritish va uni taqdim etish mumkin bo‘ladi.
Agar belgilangan 5 ish kuni davomida hech qanday o‘zgartirish kiritilmasa, hisobot soliq to‘lovchi tomonidan qabul qilingan va soliq organlariga topshirilgan deb hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2030-yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etilishini bildirgandi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha tadbirkorlar uchun soliq tizimi soddalashtiriladi. Ular endilikda yagona tartibda aylanmadan 1 foiz soliq to‘lashga o‘tadi.