YTTB O‘zbekistonga 30 mln dollar «yashil» kredit ajratadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun $30 mlngacha «yashil» kredit ajratadi. Mablag‘lar GEFF II Uzbekistan dasturi doirasida beriladi.
Ushbu mablag‘lar energiya tejamkorligi va barqaror rivojlanish loyihalariga yo‘naltiriladi. Xususan, bunda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, energiya sarfini kamaytirish va korxonalarning iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Kreditning bir qismi Kanada hukumati tomonidan HIPCA iqlim hamkorligi doirasida imtiyozli moliyalashtirish bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu tashabbusga Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa donor davlatlar ham qo‘shilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, YTTB dekabr oyi oxiriga qadar O‘zbekistonda 196 ta loyiha doirasida $6,6 mlrddan ortiq investitsiya kiritgan. Mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YTTB O‘zbekistonda kichik biznesni rivojlantirishga $70 million yo‘naltirishi haqida yozgan edi.