Prezident Qurilish vazirligining yangi binosiga bordi

eʼlon qilindi
Bino 1,4 gektar hududni egallaydi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosiga ham bordi.

1,4 gektar hududda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurildi. Prezident matbuot xizmatining yozishicha, mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.

Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda. Vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan.

Shuningdek, davlat rahbari «Sharq bahori» turar joy majmuasining qurilish maydoniga ham bordi. Majmua mintaqadagi eng yirik uy-joy loyihalaridan biri hisoblanadi. 95 gektar hududda 15 mingga yaqin xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar quriladi. Bugunga qadar bu yerda 1 million 800 ming kvadrat metrdan ortiq qurilish ishlari bajarildi. Bunda «A+» energiya tejamkorlik toifasidagi zamonaviy materiallar qo‘llanmoqda.

Foto: prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, majmuada 15 mingdan ortiq daraxt va ko‘chatlardan iborat yashil hudud tashkil qilish ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga, avtonom isitish va sovitish tizimlari bo‘ladi, tom qismlari to‘liq quyosh panellari bilan qoplanadi. Aholining shaxsiy transport vositalarini saqlashi uchun uylarning yerosti qismlarida avtoturargohlar tashkil etiladi. Majmuadan 5-10 daqiqalik masofada bog‘, metro bekati, ma’muriy binolar va ijtimoiy muassasalar qayd rostlaydi.

Avvalroq «Kursiv» E-auksion platformasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahrida joylashgan ma’muriy binosi bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tgani haqida yozgandi.

Shuningdek