Kun tarixi: Yevro valyutasining joriy etilishi, Kuba inqilobi va internetning «tug‘ilishi»

eʼlon qilindi ( yangilandi)
1-yanvarda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: Freepik

1-yanvar sanasi nafaqat yangi yilning boshlanishi, balki siyosiy, iqtisodiy va texnologik sohalarda olamshumul o‘zgarishlar yuz bergan kun sifatida tarixda qolgan. Yevropa xaritasidagi tinch o‘zgarishlardan tortib, global tarmoqning ishga tushishi va inqilobiy harakatlargacha. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: History.com

1863-yili AQSh prezidenti Avraam Linkoln «Ozodlik proklamatsiyasi»ni imzoladi. Mazkur tarixiy hujjat Konfederatsiya nazorati ostidagi hududlarda yashayotgan 3 mlndan ortiq qulni ozod etilgan deb e’lon qildi. Garchi bu qaror darhol barcha qullarni ozod qilmagan bo‘lsa-da, u Fuqarolar urushining mohiyatini o‘zgartirib, keyinchalik AQSh Konstitutsiyasiga qullikni butunlay taqiqlovchi 13-tuzatish kiritilishiga zamin yaratdi.

Foto: YouTube / Olympics

1863-yilda zamonaviy Olimpiya o‘yinlari asoschisi, fransuz jamoat arbobi Per de Kuberten tavallud topdi. U sportni insonni har tomonlama kamol toptirish vositasi deb bilgan va aynan uning tashabbusi bilan 1894-yilda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tuzilgan. Kubertenning sa’y-harakatlari natijasida 1896-yilda Afinada ilk zamonaviy Olimpiada o‘yinlari o‘tkazildi.

Foto: Wonders of Physics

1894-yili nemis fizigi, elektromagnit to‘lqinlarning mavjudligini tajribada isbotlagan olim Genrix Gerts vafot etdi. Uning kashfiyotlari radioaloqa va simsiz texnologiyalar rivojiga asos soldi. Olimning ilm-fan oldidagi xizmatlari e’tirofi sifatida chastota o‘lchov birligi keyinchalik uning sharafiga «Gerts» (Hz) deb nomlandi.

Foto: Jacobin

1895-yilda Amerika tarixidagi eng ziddiyatli va ta’sirli shaxslardan biri — Federal Qidiruv Byurosi (FBI) asoschisi va uning birinchi direktori Jon Edgar Guver dunyoga keldi. U byuroni qariyb yarim asr davomida boshqarib, jinoyatchilikka qarshi kurashda barmoq izlari kartotekasi va kriminalistik laboratoriyalar kabi zamonaviy usullarni joriy etdi. Biroq uning faoliyati vakolatlarini suiiste’mol qilish va siyosiy ta’qiblar bilan ham tarixda qolgan.

Foto: The Guardian

1959-yili Kubada Fidel Kastro boshchiligidagi inqilobchilar Fulxensio Batista rejimini ag‘darib tashladi. Batista mamlakatdan qochib ketgach, Kastro tarafdorlari Santyago-de-Kuba shahriga kirib, g‘alabani e’lon qildi. Bu voqea G‘arbiy yarimsharda sotsialistik davlatning paydo bo‘lishiga va keyingi o‘n yilliklarda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishiga olib keldi.

Foto: Brittanica

1983-yilda zamonaviy internetning texnik asosi yaratildi — ARPANET tarmog‘i rasman NCP protokolidan TCP/IP protokoliga o‘tdi. Ushbu standart turli xil kompyuter tarmoqlarini yagona tizimga birlashtirish imkonini berdi va bugungi kunda biz bilgan global internetning «tug‘ilgan kuni» sifatida tarixga kirdi.

Foto: x.com

1993-yili dunyo xaritasida «Baxmal ajrashuv» nomi bilan mashhur voqea sodir bo‘ldi: Chexoslovakiya tinch yo‘l bilan ikkita mustaqil davlatga — Chexiya va Slovakiyaga ajraldi. Tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshirilgan bu jarayon qon to‘kilishisiz va siyosiy nizolarsiz kechgani bilan boshqa mojaroli bo‘linishlardan ajralib turadi.

Foto: Euronews.com

1999-yilda Yevropa Ittifoqining 11 davlatida yagona valyuta — Yevro rasman muomalaga kiritildi. Dastlab faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar (bank o‘tkazmalari, elektron to‘lovlar) uchun mo‘ljallangan bu valyuta Yevropa moliyaviy integratsiyasining cho‘qqisi bo‘ldi. Aholi qo‘liga naqd yevro banknotalari va tangalari uch yildan so‘ng, 2002-yilda yetib bordi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 31-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek