Sovuq kuchayadi: yanvar oyida qanday ob-havo kuzatiladi

Yanvar oyi O‘zbekistonda odatda qishning eng sovuq davrlaridan biri hisoblanadi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, 1–2-yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘yicha quruq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
3-yanvardan boshlab esa Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari kirib keladi. Shu kuni respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda yog‘ingarchilik qorga aylanishi mumkin. Markaziy va janubi-sharqiy hududlarda 4-yanvar kechasi va ertalab yog‘ingarchilik saqlanib turadi.
Yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oxiriga kelib, respublika hududida yog‘ingarchilik ehtimoli kamayadi. Bu davrda kechalari havo harorati asosan 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, ayrim joylarda 5 daraja sovuqqacha tushadi. Kunduz kunlari esa harorat 8–13 daraja iliqdan 0–5 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.
Ikkinchi o‘n kunlikda havo harorati biroz o‘zgaruvchan bo‘ladi. Kechalari 1–6 daraja iliqdan 1–6 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10–15 daraja iliqdan 2 daraja sovuq–3 daraja iliqqacha pasayadi. Respublika shimolida esa kechalari 3 daraja sovuqdan 5–10 daraja sovuqqacha, ayrim joylarda 13–15 daraja sovuqqacha tushishi mumkin.
Oy oxiriga kelib, ya’ni uchinchi o‘n kunlikda sovuq to‘lqinlar kirib kelishi kutilmoqda. Natijada kechalari havo harorati 7–12 daraja sovuqqacha, ayrim hududlarda 15–17 daraja sovuqqacha pasayadi. Kunduz kunlari esa 3–8 daraja sovuq bo‘ladi. Respublika shimolida kechalari 15–20 daraja sovuq, ayrim joylarda 22–25 daraja sovuqqacha tushishi, kunduz kunlari esa 5–10 daraja sovuq, ba’zi hududlarda 13–15 daraja sovuq bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning oltita viloyatida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 5-yanvargacha kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sabab respublikaning bir qator hududlarida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilindi.