Shveysariyadagi kurortda sodir bo‘lgan yong‘in 40 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

eʼlon qilindi
115 nafar fuqaro esa turli xil tan jarohatlari olgan
Shveysariyadagi kurortda sodir bo‘lgan yong‘in 40 kishining hayotiga zomin bo‘ldi / Foto: AP

2026-yil 1-yanvar kuni yarim tunda Shveysariyadagi Alp tog‘larida joylashgan Kran-Montana kurortidagi Le Constellation barida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida qariyb 40 kishi halok bo‘lgan, yana 115 nafar fuqaro o‘g‘ir jarohat olgan, deya xabar bermoqda CNN.

Hozircha vafot etganlarning aniq soni tasdiqlanmagan. Valais kantoni politsiyasi qurbonlarni aniqlash va ularning yaqinlarini xabardor qilish ishlarini olib bormoqda. Mamlakatda besh kunlik motam e’lon qilingan.

Foto: AP

Rasmiylarning qayd etishicha, jarohatlanganlar orasida 13 nafar Italiya fuqarosi bor, yana 6 nafar italiyalik bedarak yo‘qolgan. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan. Mutaxassislar vayron bo‘lgan bino ichiga hali kira olmayapti. Huquq-tartibot idoralari hodisa terrorchilik yoki hujum bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.

Yyong‘in paytida bar ichida nechta odam bo‘lgani ham noma’lum. Jabrlanganlarning ko‘pligi sababli Valais kantonidagi shifoxonalarda reanimatsiya va operatsiya bo‘limlari to‘lib ketgan. Ayrim og‘ir ahvoldagi bemorlar Shveysariyadan Italiyaga ko‘chirildi.

Shuningdek, fojiali yong‘in yuzasidan O‘zRes Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirildi:

Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi va Shveysariyadagi diplomatik vakolatxonalari mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirgi vaqt holatiga ko‘ra, vafot etganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada yuz bergan yong‘in natijasida 170 dan ortiq uy yonib ketgan edi.

Shuningdek