Xabarovskdagi o‘zbekistonlikning vafoti yuzasidan Rossiyaga nota yuborildi — TIV

Rossiya Federatsiyasining Xabarovsk shahrida vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘liq holat Vladivostokdagi Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Bosh konsulxona marhumning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, ularga zarur konsullik va amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Fuqaroning jasadini Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Xabarovsk o‘lkasi prokuraturasi, Tergov boshqarmasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Xabarovskdagi vakolatxonasiga notalar yuborib, holatni xolisona va qonuniy tartibda o‘rganishni so‘radi.
Hozirgi paytda fuqaroning vafot etish sabablari bo‘yicha rasmiy tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas. Tegishli idoralardan aniq ma’lumotlar kelgach, jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan ikkinchi fuqaro haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi, deydi vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Rossiyaga haqorat qilingan taksi haydovchisi sababli nota yo‘llagan edi.