Ortda qolayotgan haftada qanday voqealar yuz berdi

O‘zbekiston va jahonda ortda qolayotgan haftada bir qancha voqealar yuz berdi. Kursiv Uzbekistan ularni bir joyga jamladi.
Vyetnam kompaniyasi O‘zbekistonda turarjoy va mehmonxonalar qurishi mumkin
Xanoy shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Vyetnamning yetakchi Vingroup korporatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini birgalikda o‘rganish va amalga oshirishga kelishib oldi. Xususan, zamonaviy turarjoylar, mehmonxonalar, biznes markazlar hamda savdo-ko‘ngilochar majmualar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Poytaxt Parking muzokaralarda ustun pozitsiyaga ega monopol deb tan olindi
2025-yil 22-dekabrdan e‘tiboran, «Streetpark Systems» MChJ (Poytaxt parking) umumiy yo‘llardagi pullik to‘xtash joylarini boshqarishda ustun pozitsiyaga ega deb e’tirof etildi.
O‘zbekistonda oltin narxi yil davomida 49-marta oshdi
O‘zbekistonda oltin quymalari narxlari keskin oshishda davom etmoqda. 2025-yil boshidan buyon oltin quymalari narxi 49 marta ko‘tarilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 29-dekabr holatiga 5 grammli oltin quymaning narxi 8,9 mln so‘mdan oshdi. 10 grammli quymaning qiymati 17,9 mln so‘mga yetdi.
Semurg Insurance kompaniyasi 24,5 mln so‘m jarimaga tortildi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)ning tegishli qaroriga muvofiq, Semurg Insurance aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan 24,5 mln so‘m miqdorida jarima sanksiyasi qo‘llandi.
Ma’lum bo‘lishicha, jarima «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun hamda «Sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida»gi nizom ilovasining 1-bo‘lim, 1-pozitsiyasi asosida belgilangan.
Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari reyestriga yangi MChJlarni kiritdi
Markaziy bank tomonidan mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish masalasiga oid navbatdagi qarorlar qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Markaziy bank boshqaruvining 156, 157 va 158-sonli qarorlariga muvofiq, «Adl moliya MMT», «Prizma kapital» hamda «AVO Finance» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritildi.
Nvidia Intel aksiyalarini 5 milliard dollarga sotib oldi
Amerikaning yarimo‘tkazgich ishlab chiqaruvchi kompaniyasi Nvidia Intel aksiyalarini $5 mlrdga sotib olgani haqida hisobot berdi. Ushbu tranzaksiya sentabr oyida e’lon qilingan bitim asosida amalga oshirildi.
Nvidia sentabr oyida Intel oddiy aksiyalari uchun har birini $23,28 dan sotib olishini ma’lum qilgan edi. Mutaxassislar fikricha, bu bitim chip ishlab chiqaruvchisi uchun moliyaviy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi, chunki so‘nggi yillarda qilingan xatolar va kapital talab etadigan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish kompaniyaning moliyaviy holatiga bosim yaratgan.
YTTB O‘zbekistonga 30 mln dollar «yashil» kredit ajratadi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun $30 mlngacha «yashil» kredit ajratadi. Mablag‘lar GEFF II Uzbekistan dasturi doirasida beriladi.
Ushbu mablag‘lar energiya tejamkorligi va barqaror rivojlanish loyihalariga yo‘naltiriladi. Xususan, bunda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, energiya sarfini kamaytirish va korxonalarning iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Timur Kapadze dunyoning eng yaxshi 10 murabbiyi qatoridan joy oldi
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) milliy terma jamoalar bilan ishlaydigan dunyoning eng yaxshi murabbiylari reytingini e’lon qildi.
Reytingda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze 8-o‘rinni egallab, jahonning eng kuchli mutaxassislari o‘ntaligiga kirdi. Murabbiy IFFHS ekspertlari tomonidan 10 ballga loyiq ko‘rilgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan u Kolumbiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso bilan birgalikda reytingning 8-pog‘onasidan joy oldi.
Vadim Abramov 1 mln dollarlik shartnomadan nega voz kechganini ma’lum qildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq ustozi Vadim Abramov 2013-yilda Qozog‘istonning «Ostona» klubidagi $1 mlnlik shartnomadan nega voz kechganini ma’lum qildi.
Abramov 2013-yilda «Ostona» boshqaruviga taklif qilinganida, klub oldiga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq bir hafta davomida jamoani o‘rganish jarayonida mutaxassis tarkibda jiddiy muammolar mavjudligini aniqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada doimiy asosda o‘ynaydigan kuchli futbolchilar deyarli bo‘lmagan, borlari ham ijara shartnomasi asosida to‘p surgan.
Meta Xitoyda asos solingan Manus SI startapini sotib oldi
Meta Singapurda joylashgan, Xitoyda tashkil etilgan Manus SI startapini sotib oladi. Bitim qiymati rasman oshkor etilmadi. Biroq manbalarga ko‘ra, Manus $2 mlrddan $3 mlrdgacha baholangan.
Manus joriy yil boshida minimal buyruqlar asosida qaror qabul qilib, vazifalarni mustaqil bajarishga qodir «umumiy SI agent» xizmatini taqdim etganini e’lon qilgach, e’tibor markaziga tushgan. Startap o‘z tizimi OpenAI’ning DeepResearch mahsulotidan ustun ekanini da’vo qilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan qutladi
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bayrami munosabati bilan qutladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tugallangan yil mamlakat hayotida muhim o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.
«Dunyodagi murakkab vaziyatlarga qaramasdan biz o‘z oldimizga qo‘ygan barcha maqsad va marralarga erishdik. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor $145 mlrddan oshdi va mamlakatimiz o‘rta daromadli davlatlar qatoridagi o‘rnini mustahkamladi. Iqtisodiy o‘sish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka bo‘lgan ishonchida yaqqol namoyon bo‘ldi», – dedi prezident.
Yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi
Milliy statistika qo‘mitasi yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi.
Bu 2024-yil dekabriga nisbatan inflyatsiya bosimi pasayganini ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun, 2024-yil dekabrida yillik inflyatsiya 9,8% darajasida bo‘lgan edi. 2025-yil davomida o‘rtacha oylik narxlar o‘sishi 0,6% bo‘ldi, bu ham o‘tgan yilga nisbatan past ko‘rsatkich.
2030-yilgacha har yili bittadan davlat banki xususiylashtiriladi
O‘zbekiston hukumati beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu «O‘zbekiston – 2030» yangilangan strategiyasi loyihasida qayd etilgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud. Bular Milliy bank, «Agrobank», «Sanoatqurilishbank», «Asakabank», Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, «Mikrokreditbank», «Aloqabank» va «Turonbank» hisoblanadi.
Alisher Usmonovning boyligi 2025-yilda 19,3 milliard dollarga yetdi
2025-yil natijalariga ko‘ra, milliarder Alisher Usmonov Rossiyaning eng boy shaxslar ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi.
Unga ko‘ra, Usmonovning boyligi $19,3 mlrdga baholangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan $6 mlrdga oshgan.
Tesla elektromobil bozorida yetakchilikni BYD’ga boy berdi
2025-yil yakunlariga ko‘ra, AQShning Tesla kompaniyasi global elektromobil savdosi bo‘yicha yetakchilikni Xitoyning BYD korporatsiyasiga topshirdi.
Tesla’ning 2025-yil to‘rtinchi chorakdagi yetkazib berish hajmi hatto kompaniyaning o‘zi shakllantirgan konsensus prognoziga ham yetmadi. Shunga qaramay, 2026-yil boshidagi savdolarda Tesla aksiyalari dastlab ijobiy ochilgan bo‘lsa-da, kun davomida pasayishga o‘tdi.
Soʻnggi oʻn yilda Green Card lotereyasiga arizalar soni ikki baravarga oshdi
Soʻnggi 10 yil ichida AQShning Diversity Visa (Green Card) lotereyasida ishtirok etish istagida boʻlganlar soni ikki baravarga koʻpaydi.
Nashrning ochiq manbalar tahliliga tayanib xabar berishicha, 2015-yilda dasturga qariyb 9,4 mln kishi ariza topshirgan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich deyarli 21 mln nafarga yetgan.
Oʻzbekiston Iroq va Suriyaga eksport hajmini $650 mlnga yetkazishni rejalashtirmoqda
Oʻzbekiston 2026-yilda Iroq va Suriya bozorlariga eksport hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov delegatsiyaning ushbu davlatlarga tashrifi yakunida maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonning Iroqqa eksporti $50 mln atrofida boʻlsa, 2026-yilda uni $500 mlnga yetkazish imkoniyati mavjud. Eng yuqori salohiyat elektr jihozlari va qurilish materiallarida qayd etilmoqda. Shimoliy Iroqdagi Erbil shahri bojxona imtiyozlari tufayli mintaqaviy savdo xabi sifatida koʻrilmoqda va u orqali Suriya bozoriga ham chiqish mumkin.
Abduqodir Husanov Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 2025-yil yakunlariga koʻra, Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb eʼtirof etildi.
Soʻrovnomada Husanov Osiyoning bir qator istiqbolli yosh futbolchilarini ortda qoldirdi. Nomzodlar orasida oʻzbekistonlik Abbos Fayzullayev, Avstraliya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Iroq, Yaponiya va boshqa mamlakatlar vakillari ham bor edi.
O‘zbekistonda xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi
O‘zbekistonda xususiy aviakompaniyalar soni 15 taga yetkaziladi. Bu haqda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining takomillashtirilgan loyihasida ko‘zda tutilgan.
Takidlanishicha, xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga yetkazish hamda aviaparkdagi havo kemalar sonini 180 taga oshirish rejalashtirilgan.