Nyu-York meri Maduroning qo‘lga olinishini urush harakati deb baholadi

Nyu-York meri Zohran Mamdani Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning AQSh tomonidan qo‘lga olinishini «urush harakati va federal hamda xalqaro qonunlarni buzish» deb atadi. Mamdani o‘z pozitsiyasini X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
Uning ta’kidlashicha, bu harakat nafaqat xorijda yashovchilar, balki Nyu-York aholisiga, jumladan, shaharda yashovchi o‘n minglab venesuelaliklarga ham salbiy ta’sir qiladi. Mamdanning so‘zlariga ko‘ra, uning ustuvor vazifasi aholi xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ma’muriyat vaziyatni kuzatishda davom etadi va zarur tavsiyalar beradi.
Senatdagi demokratlar yetakchisi Chak Shumer Maduroni «noqonuniy diktator» deb atab, Tramp ma’muriyatining harakatlari yangi muammolarga olib kelishini ogohlantirdi.
AQSh bosh prokurori Pem Bondi Maduro va uning rafiqasini Nyu-Yorkga olib kelib, bir qator ayblovlar bo‘yicha hibsga olish va sudga tortish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. Ayblovlar orasida narkoterroristlar bilan til biriktirish, kokain importi, pulemyotlar va portlovchi qurilmalarni saqlash ham mavjud.
Ma’lumot uchun, Nikolas Maduro 3-yanvar tungi soatlarda AQSh armiyasi maxsus kuchlari ishtirokidagi operatsiya davomida qo‘lga olindi. U va rafiqasi Karib dengizidagi desant kemasi orqali AQShga olib kelingan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada vitse-prezident vaqtinchalik davlat rahbari etib tayinlangan edi.


