8-yanvar kuni metan «zapravka»lar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi — vazirlik

8-yanvar kuni magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotgani sababli respublika bo‘ylab metan «zapravka»lar ish vaqtida vaqtinchalik cheklovlar joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Xususan, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
8-yanvardan boshlab metan «zapravka»lar soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysida esa metan «zapravka»larning ish vaqti gaz bosimi holatidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tartibda belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vazirlik Boysundagi «M-25» konida neft sizib chiqishining oldi olingani haqida bayonot bilan chiqqan edi.