Toshkent metrosining yangi sxemasi, noqonuniy bo‘shatilgan maktab direktori — 9-yanvarning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 9-yanvar kuni yuz bergan muhim yangiliklarni jamladi.
Quyuq tuman ko‘plab aviareyslar jadvalini izdan chiqardi

O‘zbekistondagi ayrim aeroportlarda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti sabab bir qator aviareyslar muqobil aeroportlarga yo‘naltirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Nukus – Toshkent (HY18) va Urganch – Toshkent (HY58) reyslari, shuningdek, Krasnodar – Namangan yo‘nalishidagi HY9834 reysi Samarqanddagi muqobil aeroportga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, Centrum Air aviakompaniyasining Istanbul – Toshkent (C6306), FlyOne’ning Jidda – Toshkent (7Q3302), Madina – Toshkent (C63032) reyslari ham Samarqand aeroportiga qo‘ndirildi.
9-yanvar kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkin

Banklar 9-yanvar kungi xorijiy valyutalarni ayirboshlash kurslarini yangiladi. Kursiv Uzbekistan eng yaxshi narxdagi xorijiy valyuta kurslari haqidagi ma’lumotni taqdim qiladi.
Valyuta sotib olish uchun eng qulay banklar
| Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
|---|---|---|
| USD | 12 150 so‘m | «Agrobank», «Turonbank» |
| EUR | 14 150 so‘m | «Poytaxtbank» |
| RUB | 151 so‘m | «Apexbank», «Hayotbank», «Apexbank» |
Valyuta sotish uchun eng qulay banklar
| Valyuta | Eng yuqori kurs (sotish) | Bank nomi |
|---|---|---|
| USD | 12 110 so‘m | «SQB», «Infinbank» |
| EUR | 14 070 so‘m | Xalq banki |
| RUB | 142 so‘m | «Kapitalbank» |
11-yanvardan «Mening maktabim» loyihasining 2-bosqichi boshlanadi

«Tashabbusli budjet» doirasida amalga oshirilayotgan «Mening maktabim» loyihasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha ovoz berish jarayonlari 11-yanvardan start oladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalar uchun ovoz berish 20-yanvar kuni soat 23:59 ga qadar davom etadi.
Yangiyo‘lda go‘shti uchun itini so‘ygan fuqaro ushlandi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida go‘shtini yeyish uchun itini o‘ldirgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro o‘zi boqayotgan uy hayvoniga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgach IIBB holatni o‘rgangan. Aniqlanishicha, voqea 2025-yilning sentabr oyida Yangiyo‘l shahri Sabo mahallasida yashovchi 27 yoshli fuqaro tomonidan sodir etilgan. U ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.
O‘zbekistonda notarial harakatlar videokonferensiya orqali ham amalga oshiriladi

Adliya vazirligida «Notarial harakatlarni videokonferensiya rejimi orqali amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Nizomga ko‘ra, jismoniy yoki yuridik shaxsning vakili notar idorasiga kelmasa ham, notarlar masofadan videokonferensiya orqali notar harakatlarini amalga oshirishi mumkin. Bunda videokonferensiya rejimi «E-notarius.uz» axborot portali hamda «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tasdiqlanadi.
Buvaydadagi maktab direktori noqonuniy bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilarning bayram va dam olish kunlari navbatchilikka majburlangani yuzasidan yuzaga kelgan mojaroning yangi tafsilotlari e’lon qilindi.
Ommaviy muhokamalardan so‘ng ishdan olingan maktab direktori Hasanboy Nishonov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilingani aniqlandi.
Voqea oshkor bo‘lgach, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi direktor pedagoglarga lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarni yuklagani uchun ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Boshqarma bu holatni butun ta’lim tizimiga xos holat sifatida baholamaslikka chaqirdi.
Biroq keyinchalik tarqalgan hujjatlar navbatchilik bo‘yicha topshiriq yuqori tizimdan kelganini ko‘rsatdi. Ma’lum bo‘lishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan chiqqan xat asosida barcha hududlarga 2025-yil 25-dekabrdan 2026-yil 5-yanvargacha ta’lim muassasalarida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik joriy etish tavsiya qilingan. Ushbu topshiriq Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-dekabrdagi 245-sonli bayoniga tayanilgan.
Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova mazkur topshiriqda o‘qituvchilarning navbatchilik qilishi nazarda tutilmaganini bildirdi. Shu bilan birga, navbatchilikda aynan kimlar bo‘lishi kerakligi bo‘yicha aniq izoh berilmadi.
O‘zbekiston davlat qarzi mo‘tadil va boshqariladigan darajada — ISSV

O‘zbekistonning davlat qarzi jahon standartlariga ko‘ra, mo‘tadil va boshqariladigan darajada hisoblanadi. 2025-yilning oktabr oyining boshiga kelib, uning hajmi $75,4 milliardni tashkil etdi, deb ma’lum qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV).
Bu summaning $37,4 milliardini davlatning tashqi qarzi tashkil etadi, qolgan $38 milliard esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalari tomonidan olingan qarzlar. Vazirlikning ta’kidlashicha, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati taxminan 26% bo‘lib, bu esa makroiqtisodiy barqarorlik uchun xalqaro xavf chegaralaridan ancha pastdir.
Toshkent metrosi sxemasi yangilandi: nimalar o‘zgardi

Toshkent metropoliteni liniyalarning yangilangan grafik metro sxemasi taqdim etildi. Unda yo‘lovchilar uchun muhim metro harakat jadvali va vaqt ko‘rsatkichlari aniqlashtirilgan.
O‘zgarishlarga asosan, Yunusobod va Halqa yerusti yo‘li yo‘nalishlarida Toshkent metrosi bekatlar oralig‘idagi vaqt ko‘rsatkichlari qayta hisoblab chiqildi. Yangilangan xarita orqali poyezdlarning birinchi va oxirgi bekatlar o‘rtasidagi o‘rtacha harakatlanish vaqtini aniq ko‘rish mumkin.
Soxta Hofmann mahsulotlarini sotgan kompaniyaga 41 mln so‘mdan ortiq jarima solindi

Adliya organlari tomonidan Hofmann tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, HOFMANN tovar belgisiga egalik qiluvchi «M.T.» MChJ ustidan kelib tushgan murojaat asosida o‘rganish ishlari olib borilgan. Tekshiruv davomida boshqa bir xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan fonetik jihatdan Hofmann brendiga o‘xshash bo‘lgan Hofmanns nomi ostida kontrafakt mahsulotlar sotuvga chiqarilgani aniqlangan.
Adliya organlari xulosasiga ko‘ra, mazkur holat tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning buzilishi hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘zganing tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanish va bu orqali katta miqdorda zarar yetkazish jinoiy javobgarlikka ham sabab bo‘lishi mumkin.