2026-yilda qaysi soha xodimlariga talab kuchayishi mumkin

O‘zbekistonda mehnat bozori 2025-yilda sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari, iste’molchi talabidagi o‘zgarishlar va biznes tuzilmalaridagi siljishlar har bir sohaning rivojiga ta’sir ko‘rsatdi. HH platformasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ayrim kasblarda bo‘sh ish o‘rinlari keskin oshgan, boshqalarida o‘sish nisbatan sekin kechgan. Shularni inobatga olib, quyida 2026-yilda mehnat bozorida talab ortishi kutilayotgan 10 ta asosiy sohalar keltiriladi. Maqolada shuningdek, ushbu sohalarda beriladigan o‘rtacha maoshlar va ishchilardan kutiladigan asosiy malaka va ko‘nikmalar ham ko‘rsatib o‘tiladi.
Quyida ushbu talabgir kasblar ro‘yxati keltirilgan:
- Savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish
- Marketing, reklama va PR
- Sport klublari va go‘zallik sanoati
- Axborot texnologiyalari
- Avtomobil biznesi
- Moliya va buxgalteriya
- Turizm, mehmonxona va restoranlar
- Uy va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar
- Ma’muriy xodimlar
- Qurilish va ko‘chmas mulk
- Raqobat eng ham bo‘lgan 10 ta soha
- Talabgir sohalarda qancha maosh taklif qilinmoqda
Savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish

2025-yilda ushbu soha umumiy vakansiyalarning 15,2 foizini tashkil etib, mehnat bozorida yetakchi o‘rinni saqlab qoldi. Soha bo‘yicha yillik o‘sish 14,7 foizni tashkil etgani xizmatlar sektoriga bo‘lgan barqaror talabni ko‘rsatmoqda. Chakana savdo tarmoqlari, banklar, aloqa kompaniyalari va onlayn xizmat platformalarida sotuv bo‘yicha mutaxassislar ayniqsa faol izlanmoqda. Bunga sabab, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish kompaniyalarning raqobatbardoshligini belgilovchi omilga aylangan.
Masalan, yirik savdo komplekslari va Call-markazlarda doimiy ravishda yangi xodimlar yollanmoqda. Sotuvlar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasida ishga kirish uchun muloqot madaniyati, stressga chidamlilik, savdo texnikalari bo‘yicha bilim va raqamli xizmatlar, jumladan CRM tizimlari (Bitrix24, amoCRM), kassa dasturlari bilan ishlash hamda hisob-kitob ko‘nikmalarini bilish talab etiladi.
Marketing, reklama va PR

Marketing va reklama sohasining mehnat bozoridagi ulushi 11,3 foizni tashkil etdi, yillik o‘sish esa 12,6 foiz. Raqamli marketing, ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot va brending bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Kompaniyalar mahsulot va xizmatlarni raqobatbardosh tarzda taqdim etish uchun malakali marketologlarni jalb etmoqda. PR sohasida ham OAV va jamoatchilik bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi brendlarni bozorga chiqarishda marketing kampaniyalari hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Ushbu sohada muvaffaqiyatga erishish uchun kreativ fikrlash, kontent yaratish, strategik rejalashtirish ko‘nikmalari, Google Analytics, Meta Ads, Canva yoki Adobe Creative Suite kabi raqamli tahlil vositalarini bilish talab qilinadi.
Sport klublari va go‘zallik sanoati

Mazkur yo‘nalishlar ish bozorining 7,8 foizlik ulushiga ega bo‘lgan yetakchi sohalardir. Aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishi ortishi bilan fitnes instruktorlari, murabbiylar, kosmetologlar va sartaroshlarga talab kuchaymoqda. Sport klublari va go‘zallik salonlari xizmatlar sifatini oshirish orqali mijozlar bazasini kengaytirmoqda. Xususan, yirik shaharlarda yangi sport markazlari va SPA salonlari ochilishi, 1Fit, Push30 kabi obuna platformalarining ommalashishi ish o‘rinlari ko‘payishiga zamin bo‘lmoqda.
Sport klublari, fitnes va go‘zallik salonlariga ishga kirish uchun professionallik (sertifikat bo‘lsa yanada yaxshi) gigiyena va xavfsizlik me’yorlarini bilish, mijozlar bilan ishlash madaniyati va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qila olishdan tashqari mijozlarni boshqarish dasturlari, onlayn bron tizimlari bilan ishlash kabilar ham muhim talab hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari

Axborot texnologiyalari sohasi 6,6 foiz vakansiyalar ulushiga ega bo‘lsa-da, eng yuqori o‘sish sur’atlaridan birini – 26,9 foizni ko‘rsatdi. Dasturlash, ma’lumotlar tahlili, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida mutaxassislarga ehtiyoj tez sur’atlarda ortmoqda. Raqamlashtirish jarayonlari davlat va xususiy sektorni IT kadrlariga yanada qaram qilmoqda. Startaplar, banklar va telekommunikatsiya kompaniyalari IT xodimlarini faol jalb etmoqda.
Onlayn xizmatlar va elektron to‘lov tizimlarining kengayishi IT mutaxassislar rolini yanada kuchaytirdi. Ushbu sohada ishlash uchun texnik bilim, xorijiy tillarni bilish va amaliy loyiha tajribasi asosiy talablar hisoblanadi. Sohasida Python, JavaScript, SQL, Git kabi texnologiyalarni bilish hamda algoritmik fikrlash va muammolarni yechish ko‘nikmalariga ega bo‘lish hammasidan ham zarurdir.
Avtomobil biznesi

2025-yilda avtomobil sohasida vakansiyalar ulushi 6,2 foizni tashkil etgan. Avtosalonlar, servis markazlari va ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda ish o‘rinlari barqaror saqlanmoqda. Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish sifati mijozlar ishonchini mustahkamlovchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
Yangi avtomobil modellarining bozorga kirib kelishi servis mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Avtomobil biznesi yo‘nalishiga ishga kirish uchun nomzodlardan texnik bilim, avtomobil qurilmasi, elektron sistemalarini yaxshi bilish, diagnostika va ta’mirlash ko‘nikmalari hamda mijozlar bilan ishlash madaniyati talab etiladi.
Moliya va buxgalteriya

Moliyaviy va buxgalteriya yo‘nalishida vakansiyalar ulushi 4,9 foizni tashkil etdi. Kompaniyalarda moliyaviy hisobot, soliq hisob-kitobi va audit xizmatlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Raqamli buxgalteriya tizimlari joriy etilishi mutaxassislar malakasiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Banklar, sug‘urta kompaniyalari va yirik korxonalar moliyaviy nazoratni kuchaytirmoqda.
Soliq islohotlari fonida malakali buxgalterlarga ehtiyoj sezilarli darajada oshdi. Moliyaviy va buxgalteriya sohasida 1C, Excel va moliyaviy hisobot tizimlarini bilish hamda tahliliy fikrlash va aniqlik ko‘nikmalariga ega bo‘lish zarur. Shu bilan birga, iqtisodiy bilim va halollik ham ushbu sohada qadrlanadi.
Turizm, mehmonxona va restoranlar

2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 mln nafar turist kelgan. Natijada, turizm va umumiy ovqatlanish sohasidagi yillik o‘sish 26,9 foizni tashkil etib, bozorning 4,7 foizini egalladi. Bundan tashqari, hukumatning ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida «Umra plus» dasturini kengaytirish bo‘yicha yangi qarorni qabul qilishi ham sohada yangi ish o‘rinlarini ochilishiga turtki bo‘ladi.
Turizm, mehmonxonalar va restoranlar sohasida ishga joylashish uchun xizmat ko‘rsatish madaniyati, chet tillarni bilish, muomala ko‘nikmalari va tezkor ishlash qobiliyati hamda bronlash tizimlari (Booking, PMS) va kassa dasturlari bilan ishlashni bilish talab etiladi.
Uy va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar

O‘zbekistonda uy xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi personal sohasida vakansiyalar ulushi 4,3 foizni tashkil etdi, yillik o‘sish esa 30,4 foiz bilan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan. Aholi daromadlarining oshishi va xizmatlarga bo‘lgan talabning kengayishi ushbu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. Uy yordamchilari, parvarish xodimlari va texnik xizmat ko‘rsatuvchi personalga ehtiyoj ortib bormoqda.
Xususan, yirik shaharlarda xizmat ko‘rsatish segmenti tez sur’atlarda kengaymoqda. Ushbu sohada ishga joylashish uchun mas’uliyat, halollik, tozalik, mijozlar bilan odamlar bilan muloqot qobiliyati va ishonchlilik asosiy talablar hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy maishiy texnikalar bilan ishlashni bilish ham juda zarur.
Ma’muriy xodimlar

Ma’muriy personal sohasida 2025-yilgi vakansiyalar ulushi 4,3 foizni tashkil etdi. Ofis menejerlari, kotibalar, kadrlar bo‘yicha mutaxassislar va yordamchi xodimlarga bo‘lgan talab barqaror saqlanib qolmoqda. Tashkilotlarda hujjat aylanishi va ichki jarayonlarni muvofiqlashtirish samarali boshqaruvning asosiy elementi hisoblanadi.
Yirik kompaniyalarda ofis jarayonlarini boshqarish uchun tajribali menejerlarga ehtiyoj sezmoqda. Ma’muriy personal yo‘nalishida ishga ega bo‘lish uchun tashkiliy ko‘nikmalar, hujjatlar bilan ishlash malakasi, muloqot madaniyati va mas’uliyatlilik talab etiladi. Nomzodlarga Microsoft Office dasturi va davlat tilida mukammal ish yuritishni bilish ham tavsiya etiladi.
Qurilish va ko‘chmas mulk

Qurilish va ko‘chmas mulk sohasida vakansiyalar ulushi 4,2 foizni tashkil etdi. Uy-joy qurilishi, infratuzilma loyihalari va tijorat binolarini barpo etish ish o‘rinlarini ko‘paytiradi. Ko‘chmas mulk bozorida savdo va boshqaruv xizmatlariga bo‘lgan talab ham barqaror saqlanmoqda. Misol uchun, 2025-yil davomida uy-joy sotish bo‘yicha 295 mingta bitim amalga oshirilgan, savdo ko‘rsatkichi 15 foizga ortgan. Bu esa qurilish mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi.
Ushbu sohada o‘z o‘rnini topish uchun texnik bilim, mehnat xavfsizligi qoidalarini bilish, loyiha hujjatlari bilan ishlash malakasi va jamoada ishlash qobiliyati asosiy talab hisoblanadi. Shu bilan birga, nomzodlarning AutoCAD va boshqa shu kabi dasturlarda ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi ham zarur.
Raqobat eng ham 10 ta soha

HH platformasi taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston mehnat bozorida raqobat eng past bo‘lgan sohalar sug‘urta (bir o‘ringa 1,6 kishi) va xaridlar (2,1 kishi) yo‘nalishlarida qayd etildi. Bu holat ushbu sohalarda mutaxassislar sonining cheklanganligi ko‘rsatadi. Shuningdek, xodimlar boshqaruvi va treninglar (2,2 kishi) hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish (2,3 kishi) sohalarida ham raqobat darajasi past bo‘lgan.
Chakana savdo (2,5 kishi) va qishloq xo‘jaligi (2,5 kishi) sohalarida raqobat nisbatan past bo‘lsa-da, ishchilar sonida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan. Huquqshunoslar (2,8 kishi) va xomashyolarni qazib olish (3,0 kishi) yo‘nalishlarida esa raqobat o‘rtacha. Yuqori va o‘rta menejment hamda marketing, reklama va PR sohalarida ham raqobat eng kam emas. Bu yo‘nalishlarda har bir ish o‘rni uchun 3,2 va 3,3 kishi to‘g‘ri kelgan.
Talabgir sohalarda qancha maosh taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda ko‘p uchraydigan sohalarda o‘rtacha oylik maoshlar turlicha. Avtomobil biznesida o‘rtacha 7 mln so‘m oylik qayd etilgan. Ilm-fan va ta’lim sohasida esa o‘sish eng yuqori darajada – +5,8% bo‘lib, o‘rtacha maosh 6,5 mln so‘mni tashkil etgan. Boshqa xizmatlar, jumladan marketing, sport va savdo sohalarida oylik daromadlar 5,9 – 6,5 mln so‘m oralig‘ida bo‘lgan.
Shunga qaramay, yuqori va o‘rta menejment, moliyaviy va buxgalteriya hamda xodimlar boshqaruvi sohalarida oylik maoshlar kamayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Masalan, yuqori va o‘rta menejment bo‘yicha oylik daromad 6,5 mln so‘m bo‘lib, yillik o‘sish sur’ati −19,4%ni tashkil etgan. Ish izlovchilar va mutaxassislar o‘z maosh darajasini oshirish uchun malaka oshirish va qo‘shimcha ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tibor qaratishlari tavsiya etiladi
Xulosa

O‘tgan yili O‘zbekistonda mehnat bozori asosan xizmatlar va raqamli sohalar hisobiga rivojlangan. Eng tez o‘sayotgan yo‘nalishlar IT, turizm hamda uy xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi personal bo‘lib, sotuvlar esa vakansiyalar ulushi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Sug‘urta va xodimlar boshqaruvi kabi sohalarda raqobat nisbatan past, xavfsizlik va uy xizmatchilari orasida esa yuqori. Umuman olganda, zamonaviy ko‘nikmalar, sifatli xizmat ko‘rsatadigan va moslashuvchan nomzodlar 2026-yilda mehnat bozoridagi istalgan sohada o‘z o‘rnini topa oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oylik maoshning deyarli yarmini «yeb qo‘yadigan» yetti mayda xarajat haqida batafsil yozgan edik.