20 kun ichida respublika 335 ming tonna chiqindidan tozalandi

2025-yil 20-dekabrdan 2026-yil 10-yanvargacha o‘tkazilgan «Dolzarb 20 kunlik» doirasida hududlardan jami 335 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.
Tozalik ishlari davomida barcha mahalla va aholi yashash hududlarida qattiq maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va bayram kunlari chiqindilar to‘planib qolishining oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
20 kun ichida 106 ta sanitar tozalash korxonasi ishga jalb qilinib, respublika bo‘yicha 54,4 mingta mahalla hududi tozalandi. Jarayonlarda 134,5 ming nafar xodim va 39,3 mingta maxsus texnika ishtirok etdi. Natijada hududlardan jami 334,9 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chiqindi bo‘yicha aholi qarzdorligi 622 mlrd so‘mdan oshgani haqida xabar berilgandi. Ayni paytda ko‘rsatilgan xizmatlardan aholining debitor qarzdorligi 622,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Haqiqatda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan noreal debitor qarzdorliklar esa 211,9 mlrd so‘mga teng va ular elektron tizimdan chiqarilgan.