Erondagi noroziliklar oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 500 nafardan oshdi

Eronda so‘nggi haftalarda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida qurbonlar soni 500 nafardan oshgan. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
AQShda joylashgan HRANA tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki hafta davom etgan tartibsizliklar vaqtida 490 nafar namoyishchi va 48 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, 10600 nafardan ortiq shaxs hibsga olingan. Eron rasmiylari qurbonlar bo‘yicha hozircha rasmiy statistikani e’lon qilmagan, keltirilgan raqamlar ham mustaqil tasdiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, noroziliklar 2025-yil 28-dekabr kuni narx-navoning oshishiga javoban boshlangan va keyinchalik siyosiy tus olgan. Rasmiy Tehron tartibsizliklarni AQSh va Isroil bilan bog‘lamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatilsa, AQSh aralashuvi ehtimoli borligini bildirgan. Bunga javoban Eron parlamenti raisi Muhammad Boqer Qolibof AQShni «xato hisob-kitob»dan ogohlantirib, hujum bo‘lgan taqdirda AQSh harbiy obyektlari va Isroil hududlari nishon bo‘lishini aytgan.
Namoyishlar fonida internet cheklovlari joriy etilgani sababli mamlakatdan axborot oqimi cheklangan. Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Tehron va Mashhad shaharlaridagi namoyishlarga oid videolar tarqalgan.
BMT bosh kotibi Antonio Guterrish vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, tomonlarni tiyilishga va tinch yig‘ilish huquqlariga rioya etishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda keskin suv tanqisligi yuzaga kelgani haqida xabar bergan edik.