Sirdaryoda fermerlar yeri ommaviy tortib olinmoqda(mi)

eʼlon qilindi
Majburiy ijro byurosi, soliq idoralari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar ularning uylariga borishni boshlagan
Foto: Depositphotos

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi fermer xo‘jaliklari yerlarining to‘liq olib qo‘yilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikda keskin muhokamaga sabab bo‘ldi. «Kursiv» bilan suhbatda bo‘lgan fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari buni tasdiqladi.

Fermerning aytishicha, 30-dekabr kuni Xovos tumanidagi fermerlarga viloyat hokimi tomonidan barcha fermer xo‘jaliklari yer maydonlari to‘liq olib qo‘yilishi rejalashtirilgani og‘zaki tarzda ma’lum qilingan. Shundan so‘ng har kuni viloyat prokuraturasi, ichki ishlar organlari, Majburiy ijro byurosi, soliq idoralari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar ularning uylariga borishni boshlagan.

Fermerning ta’kidlashicha, ijro hujjatlarisiz shaxsiy mulk xatlovdan o‘tkazilmoqda hamda yer uchastkalaridan ixtiyoriy voz kechish haqida majburiy arizalar yozish talabi qo‘yilmoqda. Bunday arizalarni yozishdan bosh tortgan fermerlarga nisbatan Agroinspeksiya orqali tekshiruvlar boshlangan, jarimalar qo‘llanilgan va tuman Fermerlar kengashining «majburiy xulosalari» asosida sudlarga da’volar tayyorlangani aytilmoqda.

Bu xabar ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim kanallarda tarqaldi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov telegram kanalida bu vaziyatga fikr bildirar ekan, mazkur holat jamoatchilik orasida O‘zbekistonda «ikkinchi kollektivlashtirish» xavfi haqidagi xavotirli fikrlarni kuchaytirishi mumkin.

«2026-yil O‘zbekiston tarixiga Ikkinchi kollektivlashtirish yili sifatida kirib qolmasa bo‘lgani. Eslatib o‘taman, birinchi kollektivlashtirish qariyb yuz yil avval SSSRda amalga oshirilgan va mamlakat qishloq xo‘jaligining izdan chiqishiga hamda qariyb 8 mln inson hayotini olib ketgan ocharchilikka sabab bo‘lgan edi. Bugun ayrim amaldorlar stalinizm davridagi ana shu tajribani yana takrorlashga qaror qildimi?», – deya yozadi iqtisodchi.

Kursiv Uzbekistan mazkur holat yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Avvalroq Sirdaryo, Jizzax va Qoraqalpog‘iston qurilish ishlari bo‘yicha ortda qolayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek