11 oyda 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik AQShga safar qildi

2025-yilning yanvar – noyabr oylarida jami 15 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda AQShga safar qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Safar maqsadlari tahlil qilinganda fuqarolarning 11 ming nafari sayohat uchun okean ortiga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi. Qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida 3,7 ming kishi, o‘qish uchun esa 333 nafar o‘zbekistonlik AQShga borgan.
Shuningdek, statistikaga ko‘ra, 307 nafar fuqaro xizmat yuzasidan, 28 nafari esa davolanish maqsadida ushbu davlatga tashrif buyurgan. Umumiy ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 ming kishiga ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 30-dekabridan boshlab Green Card dasturi bo‘yicha barcha vizalar berilishi to‘xtatilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShdagi otishma oqibatida o‘zbekistonlik talaba halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.