Fond bozori: «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari bir haftada 75 foizga o‘sdi

eʼlon qilindi
30-dekabrdan 9-yanvargacha bo‘lgan davrda
AQSh Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirdi, ammo Oracle natijalari fond bozoriga salbiy ta’sir qildi
Fond bozori: «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari bir haftada 75 foizga o‘sdi / Foto: ijtimoiy tarmoq

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 30-dekabrdan 9-yanvargacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,95 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘zsanoatqurilishbank»ning oddiy aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 75,48 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank»ning ham imtiyozli (+17,37%), ham oddiy (+15,12%) aksiyalari o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 9,84 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari,«Olmaliq KMK» (-4,71%) va «Kvarts» (-4,04%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Aloqabank» va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» (1 968 ta bitim), «Hamkorbank» (1 760 ta) va «O‘zRTXB» (989 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (543,59 mln so‘m) yetakchilik qildi. «Hamkorbank» (487,28 mln so‘m) va «O‘zsanoatqurilishbank» (354,83 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 20 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, yettitasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 3,21 mlrd so‘m bo‘ldi.

Bundan avval Kursiv Uzbekistan 2025-yilda O‘zbekiston aksiyalari bozori qanday o‘zgargani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilda banklar aksiyalari eng sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Yetakchilardan biri «Garant bank» qog‘ozlari bo‘ldi, ular ikki baravardan ko‘proq – 142,7 foizga qimmatlashdi. Hamkorbank aksiyalari ham sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi: oddiy aksiyalar 76,3 foizga, imtiyozli aksiyalar esa 113 foizga oshdi.

Shuningdek