«Umra plus» dasturi: Malayziya va Indoneziyadan sayyohlar oqimi 100 ming nafarga yetkaziladi

O‘zbekiston hukumati ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida «Umra plus» dasturini kengaytirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, 2026–2027-yillarda Malayziya va Indoneziyadan O‘zbekistonga keluvchi ziyoratchilar oqimi sezilarli darajada oshiriladi.
Malayziya va Indoneziya asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi
Qarorga muvofiq, aynan Malayziya va Indoneziya «Umra plus» ziyorat turizmi dasturining ustuvor bozorlari etib belgilandi. Ushbu ikki davlatdan keluvchi sayyohlar sonini 100 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadan dastur orqali sayyoh olib kelayotgan turoperatorlarga har bir turist uchun $100 miqdorida subsidiya to‘lanadi. Ushbu mablag‘lar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Maxsus yo‘l xaritasi tasdiqlandi
Hujjat bilan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan alohida yo‘l xaritasi ham tasdiqlandi. Unda turizm targ‘ibotini kuchaytirish, aviaqatnovlar sonini oshirish, shuningdek, Malayziya va Indoneziyada O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qiluvchi kampaniyalarni o‘tkazish belgilangan.
Xususan, «Imom Buxoriy izidan» va «Ramazonni O‘zbekistonda o‘tkazing» kabi tematik targ‘ibot loyihalari rejalashtirilgan.
Shuningdek, ikki hafta muddatda dastur doirasida mahalliy yoki xorijiy aviakompaniyalardan, jumladan ijaraga olish orqali, kamida 10 ta aviabort jalb qilinadi. Ushbu samolyotlar orqali Kuala—Lumpur—Samarqand—Jidda—Kuala—Lumpur, Kuala—Lumpur—Buxoro—Jidda—Kuala—Lumpur, shuningdek, Jakarta—Samarqan—Jidda—Jakarta va Jakarta—Buxoro—Jidda—Jakarta yo‘nalishlari bo‘yicha turistik aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Mazkur reyslar bo‘yicha aviaqatnovlar raqobatbardosh narxlarda yo‘lga qo‘yilishi hamda dasturda ishtirok etuvchi turkompaniyalarga taqdim etilishi belgilangan.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi tomonidan Malayziya va Indoneziyadagi O‘zbekiston elchixonalariga targ‘ibot ishlari uchun bir milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani ma’lumot uchun qabul qilindi. Ushbu mablag‘lar hisobidan elchixonalar 2026–2027-yillarda foydalanish uchun reklama va targ‘ibot loyihalarini o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasini bir oy muddatda ishlab chiqishi va Turizm qo‘mitasi bilan kelishgan holda tasdiqlashi lozim.
Samarqand va Buxoro markaziy yo‘nalish bo‘ladi
«Umra plus» dasturi doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari asosiy ziyorat yo‘nalishlari sifatida shakllantiriladi. Ushbu hududlardagi diniy va madaniy meros obyektlarini qamrab olgan maxsus turistik marshrutlar ishlab chiqiladi.
Qarorning ijrosi Turizm qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Madaniy meros agentligi zimmasiga yuklatilgan. Ular hamkorlikda tashkiliy, axborot va moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Haj mavsumida Ka’bada suratga olish taqiqlanmasligi haqida yozgandi.