Milliy turizm yagona platformasi xalqaro Booking va Agoda bilan integratsiya qilinadi

O‘zbekistonda «Umra plus» ziyorat turizmi dasturi doirasida Milliy turizm yagona platformasi joriy etilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilab qo‘yildi.
Qarorga muvofiq, joriy yil yanvar oyida platformada «Ziyorat turizmi» moduli yaratish belgilandi. Bu modul orqali sayyohlar turistik paketlar, mehmonxonalar va boshqa xizmatlarni bir joyda onlayn tarzda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Fevral oyida esa Milliy turizm platformasi Traveloka, Agoda va Booking kabi xalqaro xizmatlar bilan integratsiyalashadi. Shu orqali xorijiy sayyohlar O‘zbekistonga kelishini osonlashtirish va mehmonxonalar hamda turistik paketlarni tez va qulay xarid qilish imkonini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026 – 2027-yillar davomida platforma xizmatlari Malayziya turizm bozorida targ‘ib qilinadi. Bu esa O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, madaniy meros obyektlari va muzeylarga kirish chiptalari raqamlashtiriladi va onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
2026-yildan boshlab Madaniy meros agentligi bu ishlarni doimiy nazorat qiladi va amalga oshiradi. Ma’lumot uchun, 2024-yil dekabrida Vazirlar Mahkamasi Yagona milliy turizm platformasini tashkil etish qarorini tasdiqlagandi, 2025-yil noyabrda esa prezident qarori bilan platformada amalga oshiriladigan asosiy xizmatlar belgilangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Umra plus» dasturi doirasida Malayziya va Indoneziyadan sayyohlar oqimi 100 ming nafarga yetkazilishi haqida xabar bergan edik.