Samarqand tumani «millionli shahar»ga aylanishi munosabati bilan tugatiladi

Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tashabbus Samarqandni «millionli shahar»ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turarjoy va noturar binolarni barpo etish, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish hamda hudud infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan. Shu maqsadda Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilishi rejalashtirilmoqda.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Husanovning ta’kidlashicha, chegaralarning o‘zgartirilishi natijasida Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayadi. Bu esa yangi investitsiya va qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, turistik obyektlar, o‘yin maydonlari, akvaparklar, havo sharlari uchun hududlar, istirohat bog‘lari, yashil zonalar, xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda logistika markazlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda, shuningdek, yarim tayyor zargarlik buyumlarini bojxona hududidan tashqariga olib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari ushbu hujjat tadbirkorlik faoliyati va zargarlik sohasidagi qonuniylikni ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidladi.
Qonun loyihasi qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasini kamaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Muhokamalar davomida deputatlar hujjatning huquqiy asoslari, ijro mexanizmlari hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Munozaralar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda tomchilatib sug‘orishni joriy etganlarga gektari uchun 12 mln so‘m subsidiya berilishi haqida yozgandi.