Vaziyat keskinlashdi: norozilik namoyishlari ortidan AQSh fuqarolarini Erondan chaqirib olmoqda

eʼlon qilindi
Virtual AQSh elchixonasi xavfsizlik ogohlantirishi e’lon qildi
Vaziyat keskinlashdi: norozilik namoyishlari ortidan AQSh fuqarolarini Erondan chaqirib olmoqda
Vaziyat keskinlashdi: norozilik namoyishlari ortidan AQSh fuqarolarini Erondan chaqirib olmoqda / Foto: Spectrum News

AQSh va Eron o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi. Erondagi norozilik namoyishlari ortidan AQSh mamlakatlarni yangi tariflar bo‘yicha ogohlantirib, o‘z fuqarolarini chaqirib olmoqda.

Xususan, virtual AQSh elchixonasi e’lon qilgan xavfsizlik ogohlantirishida amerikaliklarga Eronni zudlik bilan tark etish va AQSh hukumati yordamisiz chiqib ketish rejasini tuzish tavsiya etildi.

«Eron bo‘ylab norozilik namoyishlari avj olmoqda va zo‘ravonlikka aylanishi mumkin, buning natijasida odamlar qo‘lga olinadi va jarohatlanadi. Xavfsizlik choralarini kuchaytirish, yo‘llarni yopish, jamoat transportidagi uzilishlar va internetni cheklashlar davom etmoqda», – deyiladi xavfsizlik xabarida.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumati namoyishlarni zo‘ravonlik bilan bostirayotgani sababli Eronga aloqador davlatlarga nisbatan 25 foizlik boj joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Eron bilan savdo qilayotgan har qanday davlat AQSh bilan biznesda qo‘shimcha tarif to‘laydi.

AQSh Eronga harbiy hujumlarni ko‘rib chiqmoqda

The Hill nashriga ko‘ra, Tramp Eron hukumati namoyishlarni kuch bilan bostirayotgani fonida qanday choralar ko‘rish mumkinligi bo‘yicha harbiy va siyosiy variantlarni muhokama qilmoqda. Yaqin orada uning milliy xavfsizlik bo‘yicha eng yuqori martabali maslahatchilari prezidentga vaziyatga javob berish yo‘llari haqida axborot berishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, prezident ixtiyorida diplomatik bosimdan tortib, yashirin amaliyotlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy zarbalargacha bo‘lgan turli variantlar mavjud. Kuzatuvchilar Eron rahbariyati hozir juda zaif ahvolda ekanini, mamlakatda iqtisodiy muammolar, suv tanqisligi va oldingi mojarolar sabab armiyaning holati og‘irlashganini ta’kidlashmoqda.

Ehtimoliy harbiy zarbalar aniq maqsadlarga qaratilishi mumkin. Masalan, namoyishchilarni himoyalash yoki ayrim rahbarlarni nishonga olish. Shu bilan birga, keng ko‘lamli urushga olib kelishi mumkin bo‘lgan javob zarbalaridan ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligi qayd etilmoqda.

Eron urushga tayyormi

CNN nashriga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi mamlakat urushga tayyor ekanini bildirgan. Eron rasmiylari AQSh hujum qilsa, javob zarbasi berilishini ogohlantirgan. Shu bilan birga, Eron rahbariyati tartibsizliklarda AQSh va Isroilni ayblamoqda.

Xalqaro OAV Erondagi vaziyat haqida cheklangan ma’lumot olmoqda, chunki mamlakatda internet deyarli to‘liq yopilgan. Shunga qaramay, tarqalgan videolarda ayrim hududlarda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘q uzgani aks etgan.

Huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda boshlangan noroziliklar oqibatida kamida 500 ga yaqin kishi halok bo‘lgan, 10 mingdan ortiq odam esa qo‘lga olingan. Namoyishlar dastlab inflyatsiya va iqtisodiy muammolar tufayli boshlangan bo‘lsa, hozirda siyosiy talablar bilan davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Davlat departamenti Venesueladagi xavfsizlik vaziyati keskinlashgani sababli ham mamlakatda bo‘lgan Amerika fuqarolarini darhol chiqib ketishga chaqirgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, «colectivos» deb ataladigan bu qurolli tuzilmalar AQSh fuqarolari yoki ularni qo‘llab-quvvatlovchilarni aniqlashga urinmoqda. Shu sababli amerikaliklardan yo‘llarda harakatlanishda juda ehtiyot bo‘lish va imkon qadar tezroq mamlakatni tark etish so‘ralgan. 

Shuningdek