Google Android 16 uchun xavfsizlik yangilanishini taqdim etdi
Google kompaniyasi Android 16 operatsion tizimi uchun 2026-yil yanvar oyi xavfsizlik yangilanishini taqdim etdi. Mazkur dasturiy ta’minot Pixel 7a va undan keyingi modeldagi smartfon hamda planshetlariga tarqatilmoqda.
Xavfsizlik bo‘shliqlarini yopishdan tashqari, tizim barqarorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Pixel 8 va undan yangi modellarda akkumulyatorning sababsiz tez quvvat yo‘qotish muammosi hal etildi. Shuningdek, Webex xizmati orqali qo‘ng‘iroq qilishdagi shovqinlar va Live Universe fon rasmlarini o‘chirishda ilovaning qotib qolish xatosi bartaraf etilgan.
Yangi Pixel 10 seriyasi uchun bir qator maxsus tuzatishlar kiritildi. Ularda doimiy yoniq ekran (Always On Display) lipillashi, sensorning vaqti-vaqti bilan ishlamay qolishi va Adobe Lightroom ilovasida HDR-suratlarni tahrirlashdagi tasvir buzilishlari to‘g‘rilandi. Bundan tashqari, ushbu modellarda grafik protsessor (GPU) ishlash unumdorligi oshirilgani aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple sun’iy intellektni rivojlantirishda Google Gemini’dan foydalanishi haqida xabar bergan edi.