Jinoyatchini ozodlikka chiqargan sudyalar ushlandi

Ozodlikdan mahrum qilingan Akmal Shukurovni qamoqdan chiqarish qarori bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 3 nafar sudyasi protsessual tartibda qo‘lga olindi. Bu haqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Uning yozishicha, Jinoyat kodeksining 231-moddasi (adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) va boshqa moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan sudyalar Muxtarama Turgunova, Odilbek Ilxomjonov va Mirziyod Abidov Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harkatlari olib borilmoqda.
Hozircha holat yuzasidan rasmiy xabar berilmadi.
Oldinroq Sudyalar oliy kengashi qaroriga muvofiq, yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan mazkur shaxslarning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etilgandi.
Ma’lumot uchun, Shukurov 2025-yil 16-mart kuni Toshkent shahridagi «The Tower» mehmonxonasi yonida ayolni himoya qilmoqchi bo‘lgan fuqaroga musht tushirib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada 35 yoshli fuqaro bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohat va spirtdan zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yaqinlari uning tezkor ravishda 5 soatlik miya trepanatsiyasi operatsiyasidan o‘tganini va keyinchalik sun’iy komaga tushirilganini ma’lum qilgan. Akmal Shukurov voqea joyidan qochib, bir muddat yashirinib yurgan, ammo keyin Qozog‘istonda qo‘lga olingan.
2025-yil 24-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumani sudi Shukurovga firibgarlik, bezorilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgani uchun 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan edi.
Keyinchalik 9-dekabr kuni Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi uni sud zalidan ozod qilib, jazoni ozodlikni cheklashga o‘zgartirdi. Taftish instansiyasi esa bu qarorni bekor qilib, Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Avvalroq «Kursiv» ushbu ish doirasida Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgani haqida yozgandi.