Markaziy Osiyo qachon Rossiyani ortda qoldiradi

eʼlon qilindi
Markaziy Osiyo taxminan 40 yilda Rossiyadan ham iqtisodiy, ham demografik jihatdan ustun bo‘lishi mumkin
Foto: Kommersant.ru

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan va aholi soni bo‘yicha qachon Rossiyadan o‘zib ketishini hisoblab chiqdi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida yozdi.

Uning yozishicha, 2000-yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti Rossiya iqtisodiyotining 14,3 foizini tashkil etgan. 2024-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 22,5 foizga yetgan. Ya’ni bu davrda Markaziy Osiyo davlatlaridagi nisbatan yuqori o‘sish ushbu farqning qisqarishiga zamin yaratgan. Jumladan, bu davrda Rossiya iqtisodiyoti (dollardagi nominal YIM) o‘rtacha 9,2 foizga yuqorilagan bo‘lsa, Markaziy Osiyo iqtisodiyotida o‘rtacha ko‘rsatkich 11 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, Markaziy Osiyoning birgalikdagi aholisi 2000-yilda Rossiya aholisining 38 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 56 foizga yetgan. Bu davrda Rossiya aholisi 1 foizga qisqargan bo‘lsa, Markaziy Osiyo aholisi 46 foizga oshgan.

BMT prognozlariga ko‘ra, 2068-yilda Markaziy Osiyo aholisi 130 millionni tashkil etib, Rossiya aholisining soniga yetib oladi. Bunda hozirgiga nisbatan Rossiya aholisi 10 foizga qisqarsa, Markaziy Osiyo aholisi 60 foizga o‘sadi. Asr so‘ngiga borib esa Markaziy Osiyo aholisi Rossiya aholisidan 18 foizga ko‘proq  bo‘lishi mumkin. Mintaqa va Rossiyaning birgalikdagi iqtisodiyoti esa pandemiyadan keyingi davrdagi o‘sish bilan 2070-yilda, 2017-yildan keyingi o‘rtacha o‘sish bilan 2076-yilda, so‘nggi 20 yildagi o‘rtacha o‘sish bilan esa 2067-yilda Rossiya iqtisodiyotini quvib o‘tadi.

Infografika: Mirkonomika

Tahlilchiga ko‘ra, aholi jon boshiga o‘rtacha daromad esa hozirgi kunda Rossiyadan 2,5 barobar past bo‘lsa, 2066-yilga borib Rossiyadagi ko‘rsatkichdan o‘tib ketadi, asr so‘ngida esa o‘rtacha Markaziy Osiyo fuqarosi o‘rtacha rossiyalikdan 2,4 barobar boyroq bo‘lishi mumkin (20 yillik o‘rtacha o‘sish bilan).

«Har qanday tahdidga eng munosib javob integratsiyaning yanada chuqurlashishi hamda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hisoblanadi. Shuningdek, hozirgi kabi aholining dinamik ko‘payishda davom etishi ham juda muhim», – deya yozgan u.

Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, agar tarixiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, Markaziy Osiyo taxminan 40 yilda Rossiyadan ham iqtisodiy, ham demografik jihatdan ustun bo‘lishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Rossiya Sibir daryolaridan suvni Markaziy Osiyoga, avvalo, Oʻzbekistonga yetkazish bo‘yicha eski loyihani zamonaviy sharoitda qayta o‘rganishni boshlagani haqida yozgandi. Ammo bir qator taniqli rossiyalik olimlar bu tashabbusning amalga oshmasligini ta’kidladi.

Shuningdek