Qozog‘iston osmonida UzAirways va «Pobeda» samolyotlari xavfli darajada yaqinlashdi

Qozog‘iston osmonida Uzbekistan Airways va Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasiga tegishli samolyotlar o‘zaro xavfli masofaga yaqinlashdi. Bu haqda Tengrinews nashri vazirlik matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Hodisa jiddiy aviatsiya insidenti sifatida baholanib, Qozog‘iston Transport vazirligi tomonidan tekshiruv boshlandi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 10-yanvar kuni ertalab Uzbekistan Airways’ga qarashli Airbus A320 hamda «Pobeda»ning Boeing 737-800 samolyotlari ishtirokida sodir bo‘lgan. Voqea vaqtida har ikkala reys ham hududiy dispetcherlik markazi nazoratida bo‘lgan.
Qozog‘iston Transport vazirligi xabariga ko‘ra, soat 05:42 atrofida (Ostona vaqti bilan) Chimkent hududiy dispetcherlik markazining A2I sektori mas’uliyat zonasida «Pobeda»ning Vnukovo – Samarqand yo‘nalishidagi PBD997 reysi hamda Uzbekistan Airways’ning Termiz – Moskva yo‘nalishidagi UZB9609 reysiga xizmat ko‘rsatish jarayonida aviatsiya hodisasi qayd etilgan.
Vazirlik mazkur holatni jiddiy aviatsiya insidenti sifatida tasniflab, bunday voqealar majburiy tartibda tekshiruvdan o‘tkazilishini bildirdi. Tekshiruvni o‘tkazish uchun maxsus komissiya tuziladi va qo‘shimcha tadqiqotlar talab qilinmasa, jarayon uch oydan oshmasligi kerak.
«Pobeda» aviakompaniyasi esa vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, xavfli yaqinlashuv bo‘lmaganini ta’kidladi. Aviakompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, 9-yanvar kuni Moskva – Samarqand yo‘nalishidagi DP-997 reysi davomida ekipaj dispetcherdan parvoz eshelonini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma olgan va manevr amaldagi yo‘riqnomalarga muvofiq, xavfsiz tarzda bajarilgan.
Shuningdek, «Pobeda» ushbu holat bo‘yicha Rossiya aviatsiya nazorati organi — Rosaviatsiya tomonidan rasmiy tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi. Uzbekistan Airways hozircha hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namangan va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.